Davlat soliq qoʻmitasi holatga aniqlik kiritdi
 
perevod-deneg.jpg
 
Karmanada aslida nima boʻlgan edi?


2018 yilning 18 dekabr kuni Karmana tumani davlat soliq inspeksiyasi Qoʻshimcha daromadlarni aniqlash va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish boʻlimi Jismoniy shaxslar bilan ishlash shoʻbasi davlat soliq katta inspektori Nurmaxamatov Sobirjon Xayitmuratovich ish jarayonida Karmana tumani “Katta machit” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro Xilola Ostonovani uchratib qoladi.

Shunda fuqaro X.Ostonova marhum bobosiga tegishli hovli kadastr hujjatlarini oʻz nomiga rasmiylashtirish kerakligini, 10 yil davomida mol-mulk soligʻi toʻlanmaganini aytib, shuni bilib berishini soʻragan va inspektorning telefon raqamini olgan. Oʻz navbatida, inspektor keyingi 5 yil uchun tartib asosida hisoblansa, mol-mulk soligʻi taxminan bir milliondan ziyodroqqa toʻgʻri kelishini, borib hisob-kitob qilib koʻrish kerakligini bildirgan.

Fuqaro X.Ostonova ishi koʻpligi vajidan vaqti yetishmasligi, shuning uchun mazkur summani uning plastik kartasiga click orqali oʻtkazib berishi va uni toʻlab qoʻyishni qayta-qayta iltimos qilgan. Shundan soʻng 18 dekabr kuni X.Ostonova tegishli pulni S.Nurmaxamatovning plastik kartasiga telefoni yordamida oʻtkazib, unga qoʻngʻiroq qilgan. Birinchi marta 450 000 soʻm, soʻngra 200 000 soʻm tashlab bergan.

Shundan soʻng S.Nurmaxamatov 21 dekabrda ish joyiga kelgach, maʼlumotlar bazasiga kirib, xonadon uchun soliqlar 2016 yilgacha toʻlangani, ayni paytdagi qarzdorlik 430 000 soʻmga tengligini aniqlagan. Mazkur summani toʻligʻicha terminal orqali toʻlab, qolgan 220 000 ming soʻmni X.Ostonovaga shaxsan olib bormoqchi boʻlgan va uni uyidan ikki kun davomida topa olmagan, hatto telefon raqami ham ishlamagan.

25 dekabr kuni “Katta machit” mahalla fuqarolar yigʻinida masʼul kotib boʻlib ishlovchi J.Turdiyevaga pulni berib, shaxsan yetkazib qoʻyishni iltimos qilgan.

2018 yil 29 dekabrda Karmana tumani Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentiga borib, ushbu holatlar boʻyicha tushuntirish xati yozgan.

Shu kunning oʻzida oʻz xohishiga koʻra, ariza yozib soliq tizimidan ketgan. S.Nurmaxamatov bilan suhbatlashganda, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbir boʻlmaganligini, hech kim uni qoʻlga olmagani, tashlab bergan puldan oʻz maqsadida foydalanmaganini, vazifasini xolis bajarganligini bildirdi. Bugungi kunda S.Nurmaxamatov oʻz uyida kundalik yumushlari bilan band, deya maʼlum qildi OʻzAga Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, S.Nurmaxamatovga nisbatan JKning 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov jarayoni olib borilmoqda.

 

OʻzA