Energetika tizimida maʼlumotlar endi yagona markazda qayta ishlanadi

Poytaxtimizda “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev hamda Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi vitse prezidenti Li Sang Ki ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Davlatimiz rahbarining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi maʼlumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazini tashkil etish yuzasidan “Oʻzbekenergo” AJ hamda Janubiy Koreyaning “KT Corporation” oʻrtasida bitim imzolandi.

Joriy yil 1 sentyabrga qadar foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan mazkur Markaz elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini, SCADA – avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruv tizimi hamda axborot boshqaruv tizimlari (ERP) boshqariladigan yagona respublika maʼlumotlarni qayta ishlash yoʻnalishlarini qamrab oladi.

IMG_2235.JPG

IMG_2236.JPG
– Markaz respublika boʻyicha oʻrnatilgan elektron hisoblagichlardan isteʼmol, tizimdagi elektr energiyasining sifat koʻrsatkichlari va hisoblagichlarning holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni yigʻadi hamda qayta ishlaydi, – deydi “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev. – Shuningdek, qayta ishlangan maʼlumotlar asosida tizimning va har bir tizimga ulangan hisoblagichlarning holati boʻyicha operatorga hisobot beradi. Bundan tashqari, transformatorlar kesimida tarmoqdagi yoʻqotishlar miqdorini tahlil qilish va meʼyoridan ortiqcha yoʻqotishlar kuzatilganda hamda elektr hisoblagichga elektr taʼminoti korxonasi xabarisiz tashqi taʼsir koʻrsatilganda operatorni xabardor qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Davlatimiz rahbarining 2018 yil 23 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2021 yil yakuniga qadar 7 milliondan ortiq isteʼmolchilarning barchasi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkzib beruvchi va taqsimlovchi korxonalar yagona elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga toʻliq ulanishi rejalashtirilgan.

“Oʻzbekenergo” AJ
 
Matbuot xizmati