2019 yilning 11-17 yanvar kunlari Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo qoʻshma komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida keltirilishicha, muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston –Turkmaniston davlat chegarasi demarkatsion loyiha chizigʻining oʻtishi boʻyicha tomonlarning takliflari muhokama qilingan. Shuningdek, Oʻzbekiston – Turkmaniston davlat chegarasida bajariladigan demarkatsion ishlar taqsimoti jadvali koʻrib chiqilgan va kelishib olingan.

Muzokaralar anʼanaviy doʻstlik va hamfikrlik ruhida oʻtib, uchrashuv yakuni boʻyicha tegishli bayyonnoma imzolangan.

Maʼlumot oʻrnida, mamlakatimizning Turkmaniston bilan chegarasi uzunligi 1 ming 600 kilometrdan ortiqni tashkil etadi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA