Oʻzbekiston elchisi Ispaniya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

Bu haqdagi xabar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytida chop etildi.

Unda keltirilishicha, 16 yanvar kuni Madrid shahrida mamlakatimizning Ispaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Jahongir Gʻaniyevning Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirish rasmiy marosimi boʻlib oʻtgan.

Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston – Ispaniya munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilingan. Qirol yuqori darajadagi oʻzaro ishonch, ikki tomonlama hamda kun tartibida koʻrib chiqilgan muhim masalalar boʻyicha qarashlarning oʻxshash va yaqinligiga yuksak baho bergan.

Shuningdek, Ispaniya Qiroli Filipp VI Qozogʻistonning Ostona shahrida oʻtkazilgan “EXPO-2017” xalqaro koʻrgazmasi doirasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvni alohida qayd etib, unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashilganini taʼkidlagan.

Muloqot yakunida Ispaniya Qiroli mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga oʻzining yuksak hurmat-ehtiromini izhor etib, samimiy tilaklarini yoʻlladi, deyiladi xabarda.

 

OʻzA