Parlament quyi palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi 2018 yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi rejalariga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida deputat va senatorlar faoliyatiga tahliliy nuqtai nazardan yondashilib, oʻta muhim va ustuvor takliflar berilgan edi. Qoʻmita ham oʻz faoliyatini davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish borasidagi koʻrsatma va yoʻnalishlarga tayangan holda olib bormoqda.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, qoʻmita 2018 yilda qonun ijodkorligi samaradorligini oshirish, tayyorlanayotgan qonun loyihalari sifatini yaxshilash, mutaxassislar, olimlar, amaliyotchilar va keng jamoatchilik bilan muhokama qilish, parlament nazoratining turli shakllarini amalga oshirish ishlariga alohida eʼtibor qaratdi. 2018 yilgi ish rejasida qonun ijodkorligi yoʻnalishida 9 ta qonun hujjatini ishlab chiqish koʻzda tutilgan boʻlib, amalda 10 ta qonun ustida ish olib borildi. Quvonarlisi, qabul qilingan 10 ta qonun hujjatidan 6 tasi qoʻmita aʼzolarining deputatlik tashabbusi asosida ishlab chiqildi.

Masalan, “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonun shular jumlasidandir. Mazkur qonun bilan fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqoli) vakolat muddati ikki yarim yildan 3 yilga uzaytirildi. Saylovlarda koʻproq fuqarolarni jalb etish maqsadida fuqarolar vakillarining minimal normasi belgilandi. Qolaversa, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir etish imkonini qoldirmaslik maqsadida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi oʻrnatildi.

“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, qoʻmita tomonidan 2018 yilda bir qator nazorat-tahlil ishlari ham olib borildi. Xususan, 7 ta qoʻmita eshituvi (davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish), 1 ta qonun hujjatlarining ijrosi holatini oʻrganish va 1 ta qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirildi. Masalan, taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiyaning ahvoli toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning axboroti eshitilib, uning yakuni boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari, 2018 yilda qoʻmita aʼzolari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 38 ta deputat soʻrovi yuborildi. Qoʻmita oʻz faoliyatini bevosita jamoatchilik oʻrtasida muhokamalar asosida tashkil etdi. Shu maqsadda oʻtgan yilda 40 ga yaqin tadbir – konferensiya, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning 724 murojaati koʻrib chiqildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda yoshlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Tadbir yakunida qoʻmitaning mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili hamda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy faoliyat yoʻnalishlari yuzasidan aniq maqsadli vazifalar belgilab olindi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA