Navoiyda Prezident topshiriqlari bajarildimi?..

“BIR SAVOLGA BIR JAVOB”
“Bir savolga bir javob” loyihasining avvalgi mehmoni Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov “Samarqand viloyatida nega rahbarlar almashinuvi tez-tez sodir boʻlayotir?” savoliga javob bergan edi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur loyihada mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlari, viloyat hokimlarining OʻzA savoliga javoblari berib boriladi.
Loyihaning bu galgi mehmoni:
 
5bdf6f12-5ab7-4a1b-87d4-71c162688c3f.jpg
Qobil Tursunov,
Navoiy viloyati hokimi

– Navoiy viloyati turizm sohasida oqsayotgani, xususan, Prezidentimiz topshirigʻiga asosan Toʻdakoʻl suv havzasi atrofida sayyohlar tashrif buyuradigan soʻlim maskanlarni tashkil etish ishlari bajarilmagani Sizga maʼlum, albatta. 2019-yilda mazkur sohani yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilajak yumushlar haqida gapirib bersangiz?

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida yurtimizda shu jumladan, Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Toʻdakoʻl suv havzasi atrofida sayyohlar uchun tashrif buyuradigan maskanlar barpo etish maqsadida Qiziltepa tumani hokimining tegishli qaroriga asosan Toʻdakoʻl tabiiy suv havzasining janubiy qismida 30 oʻringa moʻljallangan zamonaviy mehmonxona va dam olish maskani tashkil etish uchun “Golden safari” MCHJga 15 gektar yer maydoni ajratib berildi. Mazkur loyiha joriy yilning 1-avgustida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Traiding Servise” SICHKga mevali va manzarali daraxtlar hamda ekzotik oʻsimliklarni oʻstirish uchun kichik bogʻ, issiqxona, kichik yurtali lagerlar va milliy uslubda jihozlangan zamonaviy mehmon uylarini tashkil etish uchun 14 gektar yer ajratib berilgan boʻlib, ushbu loyihani joriy yilning 1-mayida ishga tushirish belgilangan.

Viloyatda ekoturizmni rivojlantirish bilan birga agroturizmni rivojlantirish maqsadida ham qator ishlar olib borilmoqda.

“Golden Lake Fish” MCHJ tomonidan Toʻdakoʻl tabiiy suv havzasida atrof-muhitning maqbul ekologik holatini yaxshilagan holda tabiiy suv havzasini baliq bilan taʼminlash maqsadida 21,6 ming gektar boʻlgan Toʻdakoʻl suv havzasida umumiy qiymati 25,1 milliard soʻmga teng loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaning birinchi bosqichi joriy yilning II choragida ishga tushiriladi.

Shuningdek, “Mr fish company” xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonaga ham 205 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, 6,5 million dollar investitsiyalar hisobiga agroturizm loyihasi amalga oshirilmoqda. Joriy yilda mazkur loyiha boʻyicha qariyb 1 million dollarga yaqin mablagʻ oʻzlashtirildi.

Shu bilan birga viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida “Qosim Shayx” majmuasi, “Mavlono Orif Deggaroniy” masjidi va “Mir Said Baxrom” maqbarasida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Navbahor tumanidagi qadimiy Sarmishsoy darasida ham turistlarni keng jalb qilish maqsadida “Muhabbat bogʻi” MCHJ va “Sarmishsoy-Navoiy” MCHJ tomonidan zamonaviy dam olish maskanlari qurib bitkazildi.

Navoiy viloyatining turistik salohiyatini yanada keng targʻib qilish maqsadida, viloyatning investitsion va turizm imkoniyatlarini oʻzida aks ettiruvchi videorolik va qoʻllanma kitob chop etilib, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi hamda xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalariga taqdim etildi.

Shuningdek, viloyatda 2018-yilda 3 ta mehmonxona, 2 ta mehmon uyi hamda 6 ta oilaviy mehmon uylari qurib foydalanishga topshirildi va buning natijasida viloyatda jami turizm sohasida joylashtirish vositalari soni 43 taga yetib, mehmonlarni kunlik qabul qilish quvvati 1,5 mingdan oshdi.

Viloyatga sayyohlar oqimini yanada kengaytirish maqsadida 2019 yilda 22 ta zamonaviy turizm obyektlari hamda xizmat koʻrsatish loyihalari amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 16 ta zamonaviy mehmonxonalar ishga tushirilib, qoʻshimcha kuniga 1,0 mingga yaqin sayyohlarni qabul qilish imkoniyati paydo boʻladi.

Amalga oshirilgan ushbu ishlar natijasida viloyatimizga 2018-yil davomida 15926 nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga (8 016 nafar) nisbatan qariyb ikki barobar oshdi.

* * *

Loyihaning navbatdagi mehmoni – Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Bahodir Yusupov Mamlakatimizda pomidor nega kamyob mahsulotga aylanib borayapti, savoliga javob beradi. 

Saytimizni kuzatib boring.

 

OʻzA