Eng kuchli Qurolli kuchlar xodimlari aniqlanmoqda

Xabar berganimizdek, kuni kecha “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida qoʻl jangi boʻyicha Qurolli kuchlar ochiq chempionatiga start berilgandi.
Unda mamlakatimiz Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi sakkiz jamoa, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati xodimlari ishtirok etishyapti.
Yana birozdan keyin poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida ushbu musobaqaning final janglari boshlanadi. Yetti vazn toifasida oʻtkazilayotgan Qurolli kuchlar ochiq chempionatining beshta vaznida Ichki ishlar vazirligi xodimlari chempionlik uchun gilamga tushishadi.
Qoʻl jangi boʻyicha Qurolli kuchlar ochiq chempionatining final juftliklari:
– 65 kg. Ravshan Abdulazizov (IIV) – Jasur Joʻrayev (Milliy gvardiya)
– 70 kg. Muhiddin Mamajonov (IIV) – Olim Normurodov (Mudofaa vazirligi)
– 75 kg. Murtozbek Mamashokirov (DXX) – Jahongir Jumayev (IIV)
– 80 kg. Jasur Solijonov (IIV) – Barhayot Obidov (DXX)
– 85 kg. Abdujalol Xoʻjamurodov (Milliy gvardiya) – Bobur Rahmatov (IIV)
– 90 kg. Jamshid Rahmonaliyev (DXX) – Batirbek Xojabekov (Milliy gvardiya)
+ 90 kg. Ilyos Raimov (Milliy gvardiya) – Bahodir Qosimov (Mudofaa vazirligi)

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA