Murojaatnoma: Eng kam oylik ish haqi miqdori, pensiya tizimi qayta koʻrib chiqiladi

Prezidentimiz Murojaatnomada pensiya va nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibini qayta koʻrib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarurligini aytdi.
Yaqinda ushbu masala boʻyicha Prezident farmoni qabul qilindi. Unga koʻra 2019-yil 1-yanvardan boshlab ishlaydigan barcha pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlanishi belgilandi.
Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirish boʻyicha yangi tizim joriy etilmoqda. Islohotlarning keyingi bosqichida ushbu cheklovlar butunlay bekor qilinadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Parlamentga Murojaatnomasida ayni vaqtda nogironligi boʻlgan bolalar va ularning oila aʼzolarini, oʻn olti yoshgacha davrdagi boquvchisini yoʻqotganlarni ijtimoiy muhofaza qilish masalasi doimo eʼtiborimizda turishi kerak, umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bagʻishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etamiz, deb taʼkidladi.

 

OʻzA