Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan sugʻurta badallarini toʻlanishi tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 avgustdan boshlab xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga eng kam ish haqining 4,5 (toʻrt yarim) baravari miqdorida yillik sugʻurta toʻlovlarini ixtiyoriy ravishda toʻlash tartibi joriy etildi va toʻlovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda davlat pensiyalarini tayinlash uchun mehnat stajiga qoʻshiladi.
Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxsning toʻlangan sugʻurta badallari (toʻlovlari) hisobi uning doimiy yashash joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuritiladi.
Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy sugʻurta badallarini toʻlash tartibi juda oson va sodda. Buning uchun fuqaro:
- Doimiy yashash manzili boʻyicha Davlat soliq xizmati organlariga identifikatsiya raqami (INN) bilan murojaat etadi;
- Soliq xizmati organlari tomonidan maxsus soliq kodi ochiladi;
- Yaqin joyda joylashgan bank filiallari orqali sugʻurta badallarini oylik yoki choraklik shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab biryoʻla uch oylik toʻlovni Pensiya jamgʻarmasining hisob-raqamiga toʻlaydi.
* Izoh. Ixtiyoriy sugʻurta badallarini toʻlashda soliq xizmati organlariga soliq kodini ochtirish va toʻlovni chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yaqin qarindoshi yoki ishonchli vakili orqali ham amalga oshirishlari mumkin.
Bank toʻlov hujjatida quyidagi maʼlumotlar aks ettirilishi zarur:
|
Eslatma. Toʻlov qabul qilinganda fuqaroga uni tasdiqlovchi toʻlov hujjati (kvitansiya) beriladi.
Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, toʻlov toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron tarzda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi bazasiga kiritib boriladi va elektron arxivida saqlanadi.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarga pensiyalar quyidagi tartibda tayinlanadi
Pensiya tayinlash tartibiga koʻra, chet elda ishlagan fuqaro kamida 7 yil sugʻurta badallari toʻlangan davr boʻlsa, yoshga doir pensiya yoki yoshga doir nafaqa erkaklarga 60 yoshda, ayollarga 55 yoshda yoshga doir pensiya tayinlanadi.
Fuqaro Pensiya jamgʻarmasida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (2018 yil 1 dekabr holatiga 202 730 soʻm) kelib chiqib toʻlaganda, quyidagicha hisoblanadi:
Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlash davrida amalda boʻlgan yagona ijtimoiy toʻlov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek fermer xoʻjaliklari uchun) va sugʻurta badallarining umumiy stavkasiga boʻlish hamda olingan natijani 100 ga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi, yaʼni 889 167 soʻm (202 730 / (14,8+8) x 100).
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda pensiya hisoblashda fuqaroning ish haqi 889 167 soʻm miqdorida inobatga olinadi.
Savollar yuzaga kelganda yoki qoʻshimcha maʼlumotlar olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining qisqa raqamli “11-40” – “Ishonch telefoni”ga murojaat qilishingiz mumkin.
Manba: www.pfru.uz