Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ajrashishlarning oldini olish, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi.
Bu kurslarda oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun yetakchi taʼlim, tadqiqot va ilmiy muassasalarining xodimlari, shuningdek, amaliyotchi mutaxassislar jalb etildi. Ularda bugungi kunga qadar 3,5 mingdan ziyod oilalar bilan ishlaydigan masʼul xodimlar malaka oshirdi.
– Mazkur oʻquv kurslarida kasb malakasini oshirayotgan xotin-qizlar bilan ishlash va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mahalla mutaxassislari uchun belgilangan dars mashgʻulotlari dasturlari belgilangan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Inobat Karimova.
Treninglarda cogʻlom turmush tarzi, millat genofondining sogʻlomligi, demografik vaziyatlarni barqarorlashtirish reproduktiv salomatlik mashgʻulotlarida tinglovchilarga yetkazilsa, ijtimoiy xizmat yoʻnalishidagi mahorat saboqlarida oilaning genogrammasi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishining ahvolini baholash mezonlari, ijtimoiy ish xodimining axloq etikasi hayotiy faktlar va interfaol usullarda oʻrgatilmoqda.
– Ayollar va bolalar huquqlari, gender tengligi, oiladagi zoʻravonlik, odam savdosi kabi oʻta dolzarb muammolarning oʻqitilishi, oila mustahkamligi va demografiya masalalarining oʻzaro bogʻliqligini anglashimiz, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalarini keng qamrovli oʻrganishimiz faoliyatimizda juda ahamiyatli boʻldi, – deydi Andijon shahar “Sadda” MFY tinglovchisi Raʼno Rahmonova.