Muxbirimiz bilan suhbatda Davlat xizmatlari agentligi direktori Xalilillo Toʻraxoʻjayev bunga oydinlik kiritdi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan ayrim xizmatlar uchun undiriladigan toʻlov miqdori yuqori ekanidan norozi boʻlishmoqda. Markazda pullikasosda navbatsiz xizmat koʻrsatish mexanizmi joriy etilganmi? Navbatsiz xizmat koʻrsatish tabaqalashtirish, qoʻshimcha pul toʻlashni xohlamagan fuqarolarning manfaatlarini cheklab qoʻyish degani emasmi?..
– Bu – mutlaqo nooʻrin eʼtiroz. Sababi, navbatsiz xizmat koʻrsatish (tezkor xizmat) xizmati deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda (Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi kabilarda) mavjud boʻlib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad – turli vaziyatlarda (masalan, biror muhim, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan hollarda) fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga tezkor xizmat koʻrsatish orqali ularga qulaylik yaratishdir. Bunday xizmatlar deyarli barcha sohalarda (vokzal, aeroport, shifoxonalar va boshqalar) ham mavjud.
Navbatsiz xizmat koʻrsatish orqali navbatda turgan boshqa fuqarolarning qonuniy manfaatlariga, ularning izzat-nafsiga taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida ekspress – tezkor xizmatlar mutlaqo alohida operatorlar tomonidan alohida xonalarda koʻrsatilmoqda. Shuningdek, pullik xizmat orqali haydovchilik guvohnomasini almashtirish boshqa fuqarolar manfaatiga taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida ish vaqtidan tashqari vaqtlarda (odatda soat 18:00 dan keyin) koʻrsatilmoqda.
Bundan koʻrinib turibdiki, navbatda turgan fuqaro, boshqa tezkor xizmatga ehtiyoji bor fuqaroning kasri bilan koʻproq kutishga majbur boʻlmoqda, degan notoʻgʻri fikrni aholi oʻrtasida shakllantirmaslik lozim.
Bundan tashqari, bugungi kunda koʻrsatilayotgan ayrim xizmatlar Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq pullik asosda koʻrsatilmoqda. Shunday boʻlsa-da, ayrim rivojlangan, kapitalistik davlatlardan farqli ravishda mamlakatimizda barcha ijtimoiy sohadagi davlat xizmatlari (taʼlim, sogʻliqni saqlash, pensiya, mehnat va boshqalar) mutlaqo bepul koʻrsatiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yigʻim undirilayotgani ham tanqid qilingan. Toʻgʻri, ilgari bu xizmat ichki ishlar organlari tomonidan bepul asosda koʻrsatilgan. Lekin, eʼtibor bergan boʻlsangiz, ilgari mazkur xizmat faqat viloyatlarda Ichki ishlar boshqarmalarining tegishli tarkibiy boʻlinmalari orqali, respublikada esa, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Axborot markazi tomonidan koʻrsatilgan.
Yana bir muhim jihati, aksariyat hollarda ushbu hujjatning Ichki ishlar vazirligining Axborot markazi tomonidan tasdiqlangan varianti talab qilib kelingan. Oqibatda fuqarolarimiz uzoq viloyatlardan birgina maʼlumotnoma uchun Toshkent shahriga kelib-ketishlari kerak boʻlgani har birimizga ayon.
Hozir Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, sudlanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni aholimiz oʻz yashash manzilidagi tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali olishlari mumkin. Ushbu maʼlumotnoma Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilingan kundan boshlab, 2 ish kunidan kechiktirmasdan fuqarolarga taqdim etilmoqda.
Suhbatning toʻliq matni saytimizda eʼlon qilinadi. Kuzatib boring.