Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida 2019 yilda 363 kilometrlik masofada ralli boʻyicha musobaqa oʻtkazilishi rejalashtirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida oʻtkaziladigan ushbu musobaqa Orol dengizining qurigan tubi va Ustyurt tekisligi yoʻnalishida tashkil qilinadi.
– Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad hududda turizmni rivojlantirish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdir, – deydi Bosh prokuraturaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori Ruslan Tasimbetov. – Musobaqa tuman markazidan boshlanib Qora jar posyolkasi, Sudochye koʻli, Ustyurt tekisligi orqali Orol dengizi qirgʻogʻidagi oʻtovlargacha boriladi. Qaytishda Qabanbay qiyaligi orqali “Uchsoy” ovul fuqarolar yigʻini hududidan oʻtib kelinadi. Ralli trassasida ishtirokchilar mamlakatimizdagi chiroyli manzaralarni, yaʼni Sudochye koʻlini, Urga – eski baliqchilar qishlogʻini, Ustyurt kanonlarini, koʻchmanchi qabilalarga oid tarixiy maskanlarni, dengiz qirgʻogʻidagi XII-XIII asrlarga tegishli karvon saroyini, olislab ketgan Orol dengizini va Kemalar qabristonlarini tomosha qilishi mumkin.
Prezidentimiz tomonidan Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarishda har tomonlama koʻmaklashish va huquqiy yordam koʻrsatish, shuningdek, mutasaddilar tomonidan topshiriqlarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining maxsus buyrugʻi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tuzilgan edi. Hozirda ushbu boshqarmada 12 nafar xodim faoliyat olib bormoqda.
Moʻynoqda boshlanayotgan shu va boshqa yirik loyihalarga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashabbuskorlik qilmoqda.
Hududdagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqib Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga elektrotexnika, pedagogika, avtoslesar, payvandchi, turizm sohasida xizmat koʻrsatish boʻyicha mutaxassislar tayyorlanishi yuzasidan taklif kiritildi. Boshqa davlatlarda oʻqigan moʻynoqlik 46 nafar fuqaroning diplomlarini nostrifikatsiya qilish masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Moʻynoq tumanidagi yoʻllarning boʻyiga mingdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Tumanga investor va turistlarni jalb qilish hamda ular uchun maʼlumotlarni yetkazish maqsadida www.newmuynakcity.uz sayti ishga tushirildi. Ayni paytda tuman markazida mahalliy aholi hamda sayyohlar eʼtiborini jalb qiladigan art obyektlar tashkil etilayotir.
Yesimxon Qanoatov, OʻzA