Taʼlim tizimida AKT tashabbusi oʻzini oqlaydimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti ikki yoʻnalishda faoliyat olib boradi. Bu yerda kasb-hunar taʼlimi tizimidagi rahbar xodimlarning malakasi oshiriladi. Shu bilan birga, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining metodik taʼminoti bilan shugʻullaniladi. Yuzdan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritadi. Tizimda maqbullashtirish ishlari davom etayotgan boʻlsa-da, soha kadrlari belgilangan muddatda malaka oshirmoqda.
Institut kutubxonasi 15 mingdan ortiq kitob bilan taʼminlangan. Shundan 4 mingtasi badiiy adabiyot, qolgani sohalarga oid darsliklardan iborat.
Bu yerda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili“ Davlat dasturi ijrosi doirasida yangi, innovatsion, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida kasb-hunar taʼlimini innovatsion rivojlantirishga oid xonalar tashkil etilgan.
Markazga kirgandanoq kitob tasviriga koʻzingiz tushadi. Atrofida esa kitobdan olingan bilim orqali erishiladigan sohalar, yoʻnalishlar tasvirlangan. Bu yerda “Oʻqi, oʻyla, angla, idrok qil, tafakkur qil, bunyod et” deb yozilgan jumlalar har bir yoshni oʻqib-oʻrganishga daʼvat etadi.
Markazdagi ikkita ustunda innovatsiya va Strategiyada belgilangan vazifalar, energetika, qishloq xoʻjaligi, ogʻir va yengil sanoat, qurolli kuchlar, atom energetikasi, xullas taʼlim tizimining barchasi aks etgan.
Innovatsion markaz toʻlaligicha kitob bilan taʼminlangan. Monitorlarda dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar, yangiliklar namoyish etilmoqda. Kasb-hunar taʼlimi tizimidagi sohaviy yoʻnalishlar haqida tasvirlar qoʻyilmoqda. Barcha xonalar kompyuterlar bilan jihozlangan.
Sinfxona. Bugungi yoshlar, istiqlol farzandlarining tasavvuriga sigʻmas boʻlsa-da, bir vaqtlar oʻquvchilarga bilim berishda qulay boʻlgan partalar joylashtirilgan. Toʻgʻrirogʻi mustaqillikkacha boʻlgan davrda foydalanilgan partalar va yozuv qurollari oʻtmishdan soʻzlaydi. Kimningdir hayratini oshirsa, kim uchundir yangilik, yana kim uchundir bu oʻquvchilik yillarini yodga soladi.
Keyingi oʻquv xonasiga kirish eshigiyoq zamonaviylikdan darak beradi. Unda stol-stullar noanʼanaviy tarzda joylashtirilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Kitoblar jamlanmasi ham oʻziga xos javonlardan joy olgan. Kichik guruhlar bilan ishlash uchun qulay sharoit bor.
Ayni vaqtgacha beshta xona jihozlangan. Bu xonalarda kasb-hunar egallash har kim uchun muhim ahamiyatga egaligi, kishining kasbiy faoliyatida oʻrni beqiyosligi aks etgan. Darslar elektron tarzda oʻtiladi. Har bir darslik matn, video, audio, taqdimot shaklida yoshlarga beriladi.
– Ayni vaqtda markazda 50 dan ziyod planshet, 20 dan ortiq kompyuter bor, – deydi institut direktori oʻrinbosari Abdurashid Turgʻunov. – Hozirda institutda oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi jarayonida oʻtiladigan 100 dan ortiq mutaxassisliklar boʻyicha darsliklar elektronlashtirib boʻlindi. 10-11-sinflar kollejlarga kasb-hunar oʻrganish uchun boradi. Ularga moʻljallangan 51 kasb-hunar boʻyicha darsliklar ham elektronlashtirildi.
Bu kabi innovatsion xonalarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlarda tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Elektronlashtirish jarayoni oʻqituvchi va oʻquvchi uchun qulaylik yaratadi, interaktiv muloqotni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Kelgusida amaliyotga taqdim etilgan mazkur loyiha oʻzini oqlaydimi?
Buni vaqt koʻrsatadi. Zero kitob bilan oshno boʻlgan hech bir qalb yomonlikka yondashmaydi. Vatanga sodiq, soʻzida sobit turadigan farzandlar boʻlib ulgʻayadi.

 

Barno Meliqulova, OʻzA