Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj kam taʼminlangan 50 ming oilaga koʻmir xarid qilish va ularga qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish tadbirlari uchun moddiy yordam tariqasida 400 ming soʻmdan bir martalik toʻlovlar ajratiladi.
Joriy yilning 15–16 noyabr kunlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi natijalari boʻyicha mazkur hududdagi kam taʼminlangan oilalarni qish mavsumida yanada qoʻllab-quvvatlash borasida bergan topshiriqlari asosida Hukumat farmoyishi qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Farmoyishga koʻra, 2018 yil dekabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj kam taʼminlangan 50 ming oilaga koʻmir xarid qilish va ularga qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish tadbirlari uchun moddiy yordam tariqasida 400 ming soʻmdan bir martalik toʻlovlar ajratiladi.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun 20 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Ushbu mablagʻlar birinchi navbatda ijtimoiy nafaqa oluvchilarga, yolgʻiz pensionerlarga hamda Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak tumanlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj kam taminlangan oilalarga ajratilishi nazarda tutilgan.