Shu munosabat bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen hamda “Kangnam Djevisko” kompaniyasi vitse-prezidenti Pak Chi Kyung, mazkur kompaniyaning ijrochi direktori Kim Kyu Telerdilarni qabul qilish marosimi oʻtkazildi. Unda 200 yangi ish oʻrni yaratilishi kutilayotgan ushbu zavodning loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
– Davlatimiz rahbari shu yilning 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻistonga safari davomida Xitoy, Koreya, Kuvayt, Germaniya, Yaponiya davlatlaridagi elchilar oldiga belgilangan 30 loyihani amalga oshirish, har bir tumanga investitsiya olib kelish masʼuliyatini yuklagan edi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari B. Xabibullayev. – Janubiy Koreya bugungi kunda tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida Qoraqalpogʻistonning ahamiyatga molik strategik sheriklaridan biri hisoblanadi. Oʻtgan yili oʻzaro tovar aylanmasi 28,4 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan oʻn oyida 39,1 million dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, oʻtgan yili Qoraqalpogʻistonga Koreyadan 39,2 million dollar miqdoridagi investitsiyalar kiritilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich joriy yilning oʻtgan oʻn oyi davomida 40,1 million dollarini tashkil qildi. Bugungi kunda ushbu davlat investorlari ishtirokida 9 korxona roʻyxatga olingan.
Yana bir yirik loyiha – Janubiy Koreyaning “Evegrinmotors grupp” hamda “Xvachon plant konstrakshn” kompaniyalari tomonidan Qoraoʻzak va Beruniy tumanlarida umumiy qiymati 500 million dollar boʻlgan ikkita sement zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu zavodlar ishga tushishi bilan 500 yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Shumanay tumanlarida va Nukus shahrida qiymati 5 million dollarilik issiqxonalar qurish boʻyicha koreyalik hamkorlar va mahalliy hokimliklar oʻrtasida memorandum imzolandi. Issiqxonalar ishga tushishi bilan har birida 80 ta yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi.
Kelgusida Janubiy Koreyaning gidroponika texnologiyasi boʻyicha ilgʻor tajribalarini keng joriy qilgan holda issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish, sogʻlikni saqlash sohasida tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini orttirish, taʼlim, maktabgacha taʼlim, turizm, farmatsevtika sohalarida ham hamkorlik qilishni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishilmoqda.