Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatnomasi eʼlon qilinganiga bir yil boʻldi.

Xalqimizning qalbida katta umidlar, ertangi kuniga ishonch uygʻotgan murojaatnoma keng qamrovliligi, reja va maqsadlar aniqligi, muhimi hayotbaxshligi bilan yurtimiz hayotida katta voqelikka aylandi. Nafaqat xalqimiz, balki milliy, xalqaro tahlilchilar eʼtibori, eʼtirofiga sazovor boʻldi.

2017 yil 22 dekabr kuni taqdim etilgan murojaatnoma – dasturiy hujjatda qoʻyilgan vazifalar qay darajada bajarildi yoki nimalar eʼtibordan chetda qoldi?

Bu haqda OʻzA muxbiri turli soha vakillari bilan suhbatda boʻldi.

– Murojaatnomada xalqimiz hamma narsadan ustun qoʻyadigan adolatni hayotimizda tom maʼnoda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shartligi alohida qayd etilgan. Adolatni taʼminlashda esa sud hokimiyati muhim oʻrin tutadi. Keyingi bir yilda bu tizimda qanday oʻzgarishlar boʻldi?

– Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini taʼminlash boʻyicha koʻplab choralar amalga tatbiq etildi, – deydi Oliy sud raisining oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorov. – Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim.

Odil sudlovni amalga oshirish maqsadida sudlar asosan sayyor sud majlislarida koʻ­rib chiqilmoqda. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan aholi bilan 4 ming 393 uchrashuv va ochiq muloqot oʻtkazildi.

Natijada nizolarni sud­gacha hal qilish, aholining hu­quqiy madaniyatini oshirish, yurtdoshlarimizning sudga boʻlgan ishonchini mustahkamlash borasida qulay imkoniyat­lar tugʻildi. Qolaversa, sayyor sud majlislari tufayli fuqarolar ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlardan xalos boʻlmoqda.

Oliy sudning yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Unda fuqarolar va yuridik shaxslar uchun yangi interfaol xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Eng muhimi, sayt orqali sud majlislarining onlayn-translyatsiyasi joriy etildi.Sud majlislarining onlayn-translyatsiyasi, albatta, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini taʼminlagan holda va sud ishtirokchilarining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Axborot tizimining sudlar faoliyatiga keng joriy etilishi ishlarni sudyalar oʻrtasida inson omilisiz, adolat va xolislik tamoyillariga asoslangan holda teng taqsimlash imkonini beryapti.

Sudlarda noqonuniy va asossiz ayblangan yuzlab hamyurtlarimiz oqlanib, el-yurt, mahalla-koʻy oldida yuzlari yorugʻ boʻlmoqda. Shu oʻrinda ayrim raqamlarga murojaat qilsak. 2018 yil 11 oyida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 44 ming 801 nafar shaxsga nisbatan 35 ming 31 ish koʻrib chiqildi. Bu jarayonda 719 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi. 2 ming 449 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi tufayli sud zalidan ozod qilindi.

Yarashuv institutining samarali qoʻl­lanilishi natijasida 8 ming 664 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yetkazilgan 294,2 milliard soʻmdan ziyod moddiy zararning oʻrnini qoplagan 3 mingga yaqin shaxs­ga nisbatan ozodlikdan mahrum qi­lish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 172 mingga yaqin ish koʻrib chiqildi va 147 ming 351 hal qiluv qarori chiqarildi. Ush­bu qarorlar boʻyicha talablarning 83 foizdan ortigʻi qanoatlantirildi. Oliy sud sudlov hayʼatlarida 3 ming 242 ish koʻrilgan boʻlsa, ularning 82,9 foizi hal etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, sudlar tom maʼnoda adolatni taʼminlash, fuqarolar, yuridik shaxslar huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlida izchil faoliyat yuritishni davom ettirmoqda.

– Davlatimiz rahbari murojaatnomasida tashqi siyosat borasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishni oshirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash masalasiga ham urgʻu berilgan.

– Vazirligimiz faoliyati ochiqligini taʼminlash, ustuvor tashqi siyosiy va iqtisodiy vazifalarni bajarish yuzasidan qilingan ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqaro maydondagi siyosatini amalga oshirish jarayoni boʻyicha jamoatchilik xabardorligini taʼminlashga yordam berdi, – deydi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhomjon Neʼmatov. – Davlatim

iz rahbarining uzoqni koʻzlagan pragmatik siyosati tufayli soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston tashqi siyosati sezilarli darajada faollashdi. Mavjud muammolarni hal qilishda yangi nostandart yondashuvlar joriy etildi. Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi xalqaro nufuzi mustahkamlandi.

Jahonning yetakchi davlatlari bilan ham oʻzaro manfaatli aloqalar sezilarli jadallashdi. Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi – yaqin qoʻshnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish, Markaziy Osiyodagi muammolarni tenglik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish va oqilona kelishuv asosida hal etishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

2018 yilning 10 oyi davomida mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti 10,3 milliard dollarni tashkil etdi. 2018 yil yanvar-avgust oylarida respublikaga 1,44 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

Jami 1,6 milliard dollarlik 61 yangi loyiha doirasida qoʻshma korxonalar tashkil etildi. Umuman olganda, 2018 yil mobaynida 1400 ga yaqin yangi qoʻshma korxona va xorijiy korxonalar tashkil etildi.

Mamlakatga sayyohlik oqimini oshirish uchun koʻplab ishlar qilindi. Oʻtgan davrda Oʻzbekistonga 4 million xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Xorijdagi vakolatxonalar 250 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasi sayyohlik salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazdi va 50 dan ortiq turistik koʻrgazmalar tashkil etildi.

Prezidentimiz murojaatnomasida Oʻzbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim oʻtkazish, boshqa gʻayriinsoniy zoʻravonlikka mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi alohida taʼkidlangan.

Yuksak minbarda aytilgan bu soʻzlar mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini taʼminlashga boʻlgan eʼtiborning yorqin namoyoni sifatida jarangladi.

– Bu jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilma – ichki ishlar organlar zimmasiga katta masʼuliyat yukladi. Bu borada hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara bermoqda?

– Davlatimiz rahbarining parlamentga murojaatnomasida ichki ishlar idoralarini chinakam “Xalqparvar ichki ishlar idoralari”ga aylantirish zarurligiga eʼtibor qaratildi, – dedi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbiddin Burhonov.–Bu fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, bir soʻz bilan aytganda, ichki ishlar organlari xizmat faoliyatini xalq manfaatlari yoʻlida toʻliq safarbar etilishini taqozo qildi.

Joriy yilning 11 oyi davomida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 22 ming 974 taga yoki 34,9 foizga kamayishiga erishildi.

Soha faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida, barcha shahar-tumanlarda ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Bu tuzilma yoshlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy madaniyatini muntazam ravishda yuksaltirib borishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ushbu amaliyot natijasida joriy yilning yanvar-noyabr oylarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 37 foizga kamayishiga erishildi.

Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyat kuchaytirilgani tufayli joriy yilning 11 oyida 9 ming 15 mahallaning 27,9 foizida umuman jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Ichki ishlar organlari faoliyati oshkoraligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida, xalq oldida tizimli ravishda hisobot berib borish amaliyoti joriy etildi.

Jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlarining tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar va maʼmuriy qamoqni oʻtash joylari videokuzatuv moslamalari bilan taʼminlandi. Xalqaro standartlar asosida eng soʻnggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, soʻroq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlandi. Avval mavjud boʻlmagan bu imkoniyatlar inson huquqlariga zid boʻlgan turli harakatlarning oldini olmoqda.

Fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida, vazirlik tizimida yagona “1102” qisqa raqamli “ishonch telefoni” joriy etilib, fuqarolarning barcha murojaatlari yuzasidan qonuniy choralar koʻrib borilmoqda.

IIVda tuzilgan yangi tarkibiy qism – Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish xizmati tomonidan turistlar koʻp tashrif buyurayotgan Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida obyektlarda sayyohlar oqimidan kelib chiqqan holda xavfsizlikni taʼminlash choralari koʻrilayotir.

Bu kabi amaliy ishlar xalqimizning manfaatlarini taʼminlash, Vatanimizning jahonda tutgan oʻrni va nufuzini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA