Toshkentdagi Inha universitetida bank xizmatlari va amaliyotlarini avtomatlashtirish boʻyicha Moliya texnologiyalari markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Markaz universitet va “Oʻzsanoatqurilishbank“ aksiyadorlik tijorat banki oʻrtasida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi.

Toshkentdagi Inha universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Jalolov va “Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB boshqaruvi raisi Aziz Voitov tadbirni ochar ekan, markaz universitet talabalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bank ishining barcha yoʻnalishlari boʻyicha nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotga tatbiq etish hamda mustahkamlash imkoniyatini taqdim etishini taʼkidladi. “Oʻzsanoatqurilishbank“ning Moliya texnologiyalari markazi bank sohasida qoʻllaniladigan eng zamonaviy kompyuter uskunalari va dasturiy taʼminotga ega. Bu yangi soft va innovatsion moliya texnologiyalarini ishlab chiqish uchun zarur ijodiy muhitni yaratish imkonini beradi.

Tadbir doirasida yangi markaz vazifa va imkoniyatlari namoyish etildi. Xususan, markaz mutaxassislarni bank va moliya sohalarida qoʻllaniladigan zamonaviy texnologiyalarga oʻqitish bazasi vazifasini oʻtaydi. Universitet talabalari mamlakatimiz bank faoliyatiga integratsiya qilinadigan yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqish va yaratishda ishtirok etishlari mumkin.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA