Bogʻing Vatan degan nom olsin!

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida millat adabiyoti va madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodiga bagʻishlangan “Bogʻing Vatan degan nom olsin” deb nomlangan nazm va navo kechasi oʻtkazildi.

Elimiz ardogʻidagi yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, shoirning oila aʼzolari, el suygan sanʼatkorlar va yosh ijodkorlar ishtirok etgan tadbirda buyuk shoirimizning ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida katta ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

Erkin Vohidov oʻzining sermazmun, badiiy yuksak sheʼr va dostonlari, dramatik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuygʻusini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin egalladi.

Atoqli shoir yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qoʻshigʻim sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirgʻoq”, “Kelajakka maktub” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Koʻhinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “Soʻz latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan oʻziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi oʻnlab asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilindi.

Mustaqillik yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon boʻldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin, obod va farovon hayotini tarannum etadigan, inson qadr-qimmatini ulugʻlaydigan bir qancha yangi sheʼriy asarlari, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bagʻishlangan kitoblari, bunyodkor zamondoshlarimizning fidokorona mehnati, yurtimizdagi ulkan islohot va oʻzgarishlar haqidagi publitsistik maqolalari keng jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi.

U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida koʻplab yosh isteʼdod egalariga ustozlik qildi. Erkin Vohidovning oʻzbek adabiyoti va sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni faxriy unvonlari, “Doʻstlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan. Ulugʻ shoir xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratildi. Shoir haykali yaratilib, “Adiblar xiyoboni”ga oʻrnatildi. Toshkent shahridagi Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov yashagan uyda yodgorlik lavhasi oʻrnatildi. Fargʻonada shoir nomi bilan ataluvchi ijod maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Tadbirda yosh ijodkorlar shoir sheʼrlaridan oʻqib berdi. Sanʼatkorlar tomonidan shoir sheʼrlari bilan aytiladigan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

2-faqat saytga.JPG

3-faqat saytga.JPG
7-faqat saytga.JPG
15-faqat saytga.JPG

 

Ozoda Bekmurodova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA