Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2018 yil 14 dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.
Majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev olib bordi.
Senat aʼzolari tomonidan ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar davomida huquq-tartibot organlarini yuklatilgan vazifalarni yuksak darajada bajaradigan demokratik tuzilmaga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ichki ishlar organlarining tashkiliy tuzilmasi, tezkor-xizmat faoliyati qayta tashkil etildi, mazkur soha xodimlari aholiga yaqindan xizmat qilishi va xalqqa yaqin boʻlishi uchun ularning oldiga endilikda mutlaqo yangicha talablar qoʻyildi.
10-faqat saytga.JPG
8.JPG
Bunda tegishli tuzilmalarning olisda joylashgan aholi punktlaridagi ishini faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun qoʻshimcha ravishda ichki ishlar organlarining boʻlinmalari va tayanch punktlari tashkil etilib, profilaktika inspektorlarining soni oshirildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi vaqtda barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarining eʼtibori bevosita mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga va aholida huquqbuzarliklarning har qaysi koʻrinishiga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilmoqda. Bu borada Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasining mintaqaviy guruhlari tomonidan aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Bunda har bir sodir etilgan jinoyatni aholi orasida muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda har oy yakunida Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari oldida ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha 198 nafar oʻrinbosari, mahalla ahli oldida 6 ming 896 nafar profilaktika inspektori amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Mazkur hisobotlarning yakunlari boʻyicha oʻz vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan profilaktika inspektorlari ragʻbatlantirildi, xizmat vazifalariga vijdonan munosabatda boʻlmaganlarga esa intizomiy va maʼmuriy jazo qoʻllanildi.
Shunga qaramay, bugungi kunda fuqarolarning ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonchi lozim darajada, deb boʻlmaydi. Garchi xizmat intizomini buzish holatlari keskin kamaygan boʻlsa-da, huquqbuzarliklar, fuqarolar bilan munosabatlarda ularga nisbatan qoʻpollik holatlari hamon uchrab turibdi. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, huquq-tartibot idoralari xodimlarining masʼuliyatini oshirish zarurati qayd etildi. Ushbu masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqidagi hisobotni eshitdilar. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, hokimliklari va kompaniyalari hamda xorijiy sheriklar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida umumiy summasi 6 milliard dollarlik 80 dan ortiq hujjat imzolashda koʻmak berildi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yil noyabr oyining oxiriga kelib, Oʻzbekistonning diplomatik missiyalari tomonidan umumiy qiymati 21 milliard dollarlik 372 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Xorijiy muassasalar tomonidan Oʻzbekistonning turistik salohiyatiga bagʻishlangan qariyb 250 ta taqdimot oʻtkazildi. Diplomatik missiyalar 50 dan ortiq turizm koʻrgazmasi va yarmarkalarda ishtirok etdi.
Shu bilan bilan birga, vazirlik faoliyatini oʻrganish va tahlil qilish katta foydalanilmagan salohiyat hamda hal etilmagan qator muammo va kamchiliklar borligini koʻrsatdi.
Jumladan, idoralararo hamkorlikni taʼminlash muammosi hanuzgacha hal etilmagan, ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni yoki tashriflar yakunlari toʻgʻrisida axborot olish imkonini beradigan Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari bilan aniq oʻzaro aloqa mexanizmi mavjud emas, bu esa ikki tomonlama hamkorlikning chinakam holatini bilishni, uni yanada rivojlantirish boʻyicha dolzarb tavsiyalar tayyorlashni cheklaydi.
Mamlakatimiz tovarlari eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va turistlarni jalb qilish masalalari boʻyicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilishda Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar xorijiy muassasalarning takliflari sohaga ixtisoslashgan idoralar va viloyatlar hokimliklari tomonidan uzoq koʻrib chiqilishi bilan bogʻliq muammoga duch kelmoqda. Bu bir qator muhim ikki tomonlama tadbirlarning majburan bekor qilinishiga yoki koʻchirilishiga sabab boʻlmoqda.
Hokimliklar faoliyatida idoralararo muvofiqlashtirish yetishmasligi, xorijiy sheriklar bilan hamkorlik boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqishga rasmiyatchilik yuzasidan munosabatda boʻlish saqlanib qolmoqda. Tashrifgacha investorlar bilan masofaviy ishlar olib borilmayapti, hamkorlik shartlari, shartnomalar qiymatlari kelishib olinmayapti. Oxir-oqibat uchrashuvlar aniq shartnomalar va maqsadli bitimlar tuzish oʻrniga hamkorlik toʻgʻrisida oddiy memorandumlar imzolash bilan yakunlanmoqda.
Xorijiy muassasalar koʻp sonli hisobotlar tayyorlash bilan haddan ortiq koʻp shugʻullanishi ishlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday holat, ayniqsa, xodimlar shtatining cheklanganligi hisobga olinsa, xorijiy muassasalarga diqqat-eʼtiborni aniq natijaga qaratish imkonini bermayapti.
Bugungi kunda Oʻzbekiston investitsiya salohiyati toʻgʻrisidagi chet tillarida sifatli tayyorlangan mazmunan boy materiallar hali ham yetishmasligi kuzatilmoqda.
Senatorlar Tashqi ishlar vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar bildirdilar. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari 2019 yilgi ish rejalarini tuzishda eksportning importga nisbatan jadal surʼatlarda oʻsishini, ayniqsa, uzoq xorij mamlakatlaridan turistlar oqimi oshishini taʼminlashi zarur.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning investitsiya va turistik salohiyatini tanitish uchun Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalarning yangi xodimlari uchun respublika hududlariga guruh boʻlib muntazam tashriflar tashkil etishni amaliyotga joriy etish zarurligi qayd etildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar Fargʻona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini ham eshitdilar.
Qayd etilganidek, 2018 yilda hududni kompleks rivojlantirish va bu jarayonda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmlari oʻsishi 105,3 foizga yetdi, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 90 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravardan ortiq oshdi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 2930 ta kichik biznes subyekti faoliyat boshladi va ularning soni qariyb 29 mingtaga yetdi. Ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,5 trillion soʻmdan ortiqni tashkil etdi. Natijada hududda yangi ish oʻrinlari soni ortmoqda, ularga asosan yoshlar joylashtirilmoqda.
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida tadbirkorlik sohasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 2 trillion 552 milliard 665 million soʻmlik kredit mablagʻlari ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22-23 iyun kunlari va 2018 yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi vaqtida bildirilgan topshiriqlarni ijro etish doirasida 380 ta loyiha tasdiqlandi.
Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ayrim Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning deputatlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mahalliy Kengashlarda 500 dan ortiq mansabdor shaxsning aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha hisobotlari tinglandi, masʼul tuzilmalar rahbarlariga 300 dan ortiq deputat soʻrovi (murojaati) yuborildi.
Shu bilan birga, senatorlar Fargʻona viloyatida mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator muammo va kamchiliklar borligini, mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotganligini taʼkidladilar.
Muhokamalar yakunlari boʻyicha viloyatni rivojlantirish masalalarini hal qilish yuzasidan vazirliklar va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari javobgarligini oshirishga qaratilgan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
Shundan soʻng senatorlar “Xalqaro migratsiya tashkiloti Konstitutsiyasini (Bryussel, 1953 yil 19 oktyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqib, maʼqulladilar.
Senat aʼzolari 2019 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildilar. Dastur loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq kiritilgani taʼkidlandi. Muhokama yakuni boʻyicha Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish va uni oʻtashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qoʻllash amaliyoti yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani ham koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, mazkur sohada koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida harbiy xizmatchilarning professional mahorati, intellektual salohiyati va harbiy tayyorgarligi darajasi oshdi, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kuchaytirildi, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida harbiy xizmatning obroʻsi va nufuzi keskin koʻtarildi.
Biroq joylarda oʻtkazilgan oʻrganish, aholi bilan muloqot va ularning murojaatlari bilan tanishib chiqish kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish, xizmat muddatini uzaytirish va xizmatdan boʻshash bilan bogʻliq bir qator muammolar borligini koʻrsatdi.
Oʻrganish kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish murakkab jarayon ekanligini koʻrsatdi. Koʻplab byurokratik toʻsiqlar mavjud, buning ustiga bu tartib-taomil ochiq-oshkora emas. Ayrim bosqichlarni oʻtkazish va yakunlash muddatlari, shuningdek, mansabdor shaxslarning javobgarligi belgilab qoʻyilmagan. Bundan tashqari, sobiq harbiy xizmatchilar, ayniqsa, pensiya olish huquqini beradigan stajga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilar bandligini taʼminlash, ularni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash orqali ijtimoiy moslashtirishning yagona tashkiliy-huquqiy mexanizmi mavjud emas.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish va uni oʻtashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qoʻllash amaliyoti yuzasidan parlament soʻrovi yuborish zarurati yuzaga keldi. Muhokama etilgan masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduxakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi 2 yilda nogironligi boʻlgan 21,5 ming nafar shaxs, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uy-joy bilan taʼminlandi. Imkoniyatlari cheklangan odamlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtirildi, ularni oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat grant kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi ishlab chiqildi.
Biroq Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarida har kimning bilim olish huquqi mustahkamlab qoʻyilgan boʻlsa-da, imkoniyatlari cheklangan shaxslar bu huquqdan toʻliq foydalana olmayapti.
Ularning taʼlim olish huquqlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayogan qator muammolar hali ham saqlanib qolmoqda. Shu tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduxakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish zarurati kelib chiqdi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan soʻng parlamentning yuqori palatasi aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Uning yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Oʻn yettinchi yalpi majlis davomida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan 30 ta masala, shu jumladan, 18 ta qonun koʻrib chiqildi.
Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.
Oʻzbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati 

 

Temur Mamadaminov (surat), OʻzA