Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.
Viloyat faollari, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirok etayotgan videoselektor yigʻilishini shahar va tumanlarda keng jamoatchilik vakillari kuzatib bormoqda.
Joriy yilda qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 28 ta qishloq va 4 ta mahalla obod qilinib, ularda yashayotgan 300 ming aholining turmush sharoiti yaxshilandi.
Jumladan, 17 mingta hovli-joy, 193 ta koʻp qavatli uy, 82 ta ijtimoiy soha obyekti, yuzlab kilometr yoʻl va koʻchalar, suv va elektr tarmoqlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bunga qariyb 300 milliard soʻm sarflandi.
Prezidentimiz joriy yilda viloyat aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash borasida sezilarli ishlar qilinganini, bu kelasi yilda ham izchil davom ettirilishini qayd etdi. Natijada 219 ming aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
OʻzA