Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qarshi filiallari loyihasi bilan tanishib, bu filiallarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada koʻproq qulaylik yaratish, ularning sogʻligʻini ishonchli himoya qilish ekanini alohida taʼkidlagan edi.
Qisqa vaqt oraligʻida mazkur loyihalar asosida jadal qurilish ishlari bajarildi, ilgari foydalanilmay turgan hududda tutash joylashgan markaz filiallari atrofi obodonlashtirildi. Bu yerga kiraverishingiz bilan hovlidagi chiroyli oʻrindiqlar, tungi chiroqlar, gullar, maysazor va archalar bilan goʻzallashgan landshaft manzarasi qalbingizga ajib sokinlik bagʻishlaydi.
Davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy asbob-uskunalar, malakali kadrlar taʼminoti, zamonaviy davolash usullari bilan tanishdi.
Hozircha respublikamizda mavjud imkoniyatlari bilan yagona hisoblangan mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hudud aholisining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etildi. Bugungi kunda viloyatda 68 mingga yaqin bemor yurak-qon tomir kasalliklari tashxisi bilan dispanser nazoratida turadi. Jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar soni esa 4 mingdan ziyodni tashkil etadi. Shu kunga qadar bu bemorlar Toshkentga yoki chet ellarga borib davolanishga majbur edi. Bu, albatta, millionlab soʻm mablagʻ talab qiladi. Xorijda davolanish narxining qimmatligi haqida esa gapirishning oʻzi ortiqcha.
Mazkur markaz filialining Qarshi shahrida ochilishi nafaqat, qashqadaryoliklar, balki boshqa viloyatlar va qoʻshni respublikalar aholisi uchun ham beminnat xizmat qiladi.
120 oʻrinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi boʻlimlar, kunlik 100 qatnovga moʻljallangan poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Markaz yurak-qon tomir kasalliklariga tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu asbob-uskunalardan samarali va toʻgʻri foydalanish nihoyatda muhimdir. Buning uchun zamonaviy tibbiyot ilmini chuqur oʻzlashtirgan, tajribali va oʻz kasbining fidoyi mutaxassislari zarur.
Markazga yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ilgʻor tajribaga ega, Rossiya, Germaniya kabi davlatlarda tahsil olgan, malakasini oshirgan shifokorlar jalb qilingan. Ular oʻz tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham oʻrgatadi.
Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, boʻlmachalararo va qorinchalararo toʻsiq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tugʻma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Viloyatning 33 mingdan ziyod aholisiga endokrinologik kasalliklar tashxisi qoʻyilgan. Ular orasida yuzlab bolalar bor. Maʼlumotlarga koʻra, 2017 yilda 3,5 mingdan ziyod endokrinologik kasalliklarga chalingan qashqadaryolik bemor Toshkentda davolangan. Gap shundaki, shu kungacha hududda endokrinologiya xizmatini koʻrsatadigan bosh muassasa – viloyat endokrinologiya dispanseri boʻlib, u 1980 yilda tashkil etilgan, ishlash tizimi hamon eskicha edi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 oʻrinli yangi markaz ana shu bemorlar ehtiyojini toʻliq taʼminlashga xizmat qiladi. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va bolalar, qalqonsimon bez kasalliklari va endokrin jarrohlik, diabetik toʻpiq jarrohligi, laboratoriya-diagnostika kabi boʻlimlarni, 50 qatnovga moʻljallangan poliklinikani oʻz ichiga olgan markazda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda.
Markazni malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ikki nafar shifokor xorijda malaka oshirib qaytdi. Ular tajribasini ommalashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda amalga oshirilgan asosiy yangiliklardan biri – Diabet maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga oʻz-oʻzini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yoʻllari, bolalarga esa non birligiga asosan toʻgʻri ovqatlanish tartibi oʻrgatiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur tibbiyot muassasalari bilan tanishib, bu yerga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
– Qarshi shahridagi kardiologiya va endokrinologiya markazlari boshqa viloyatlarga namuna boʻlishi kerak. Buning uchun, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur. Asosiy maqsadimizdan biri – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish. Buning uchun biz barcha imkoniyatimizni safarbar etamiz. Toki bu islohotlarimiz samarasini xalqimiz bugun, kundalik hayotida sezsin, – dedi davlatimiz rahbari.