Qashqadaryo viloyatida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish kengayadi
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturga asosan Qashqadaryo viloyatida yengil sanoat tarmogʻida 10 dan ziyod yirik istiqbolli loyihani amalga oshirish belgilangan. Oʻtgan davrda ularning ayrimlarida ishlar yakunlanib, yangi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qarshi shahridagi “Sulton tex group” korxonasi ana shu saʼy-harakatlarning samarasidir.

Mazkur korxona joylashgan hudud bundan ikki yil muqaddam sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerlar edi. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan yengil sanoat loyihalari qatorida “Sulton tex group” korxonasini barpo etish haqida ham maʼlumot berilgan edi. Asosiy maqsadi paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish boʻlgan mazkur korxona viloyatda yengil sanoat tarmogʻini rivojlantirishda muhim loyihalardan biridir.

Oʻtgan davrda loyiha uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 10,4 million dollar krediti va korxona taʼsischisining 6,6 dollar oʻz mablagʻi yoʻnaltirilib, paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish korxonasini qurish boshlab yuborildi. Oradan koʻp oʻtmay, joriy yil boshida loyihaning dastlabki bosqichi – yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika ishga tushirildi.

Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida ushbu korxonada boʻlib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Yuz foiz paxta tolali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada eng zamonaviy texnologiyalar asosida paxta tolasidan yuqori sifatli ip-kalava tayyorlanmoqda. Korxonada Shveysariya va Yaponiyadan keltirib oʻrnatilgan eng soʻnggi rusumdagi tozalash, yigirish va oʻrash uskunalarida 300 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida korxonada 5 ming 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarildi. Shundan 12 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi oʻnga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard soʻmlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.

Korxonada tolani tozalashdan tortib, oʻrashgacha boʻlgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu yerdagi laboratoriyada tola va ip sifati qattiq nazoratga olingan.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriya faoliyati bilan ham tanishdi. Prezidentimizning tashrifi chogʻida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega toʻquv fabrikasi faoliyatiga start berildi.

Umumiy qiymati 53 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato toʻqish, uni boʻyash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollardan iborat boʻlib, ishlab chiqarish uskunalari Yevropaning ilgʻor texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Eʼtiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil qilingan boʻlib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Xullas, paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha boʻlgan jarayon ushbu korxonaning oʻzida amalga oshiriladi. Bu mahsulot tannarxi arzonlashishi va sifat darajasining oshishiga olib keladi, viloyatda jahon bozorida raqobatbardosh tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga erishiladi.

Shavkat Mirziyoyev korxonaning keyingi bosqichlarini tez va sifatli amalga oshirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasi yanada kengaytirish, paxta-toʻqimachilik klasterini takomillashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.

0d7ca558-0074-1198-5c3b-fc02fcd880c9.jpg

af22ff04-0214-ff5c-5a32-63c21c8b01d7.jpg

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA