Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senati raisi N.Yoʻldoshev ochiq deb eʼlon qildi.
Majlisda 28 masala koʻrib chiqiladi. Shundan 17 tasi qonunlardir. Ular orasida “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar bor.
Shuningdek, Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari muhokama etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, tashqi ishlar vazirining axborotlari, Fargʻona viloyati hokimining hisoboti, Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi raisining Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti eshitiladi.
2019 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish va uni oʻtashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qoʻllash amaliyoti yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlashga oid masalalar koʻrib chiqiladi.
Majlisda koʻrib chiqiladigan barcha masalalar mohiyati haqida batafsil maʼlumot berib boramiz. Saytimizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova, OʻzA