Prezident qarori inson huquqlari sohasidagi islohotlar qatʼiy va tarixiy yangilanishlar ekanini isbotladi

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida taʼkidlaganidek, “Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos oʻrin egallamoqda”.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu fikrning yana bir amaliy tasdigʻi boʻldi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Avvalambor, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 1948 yil 10 dekabrda, davlatimiz rahbarining ushbu qarori esa 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingani gʻoyat eʼtiborlidir, – dedi A.Saidov. – Ushbu sana Inson huquqlari kuni sifatida mamlakatimizda ham, xalqaro miqyosda ham milliy darajada nishonlanadi.
Agar tarixga nazar solsak, oʻsha davrda BMT aʼzolari boʻlgan 58 davlatdan 48 tasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini yoqlab ovoz berganiga amin boʻlamiz. Sanoqli davlatlar, shu jumladan, sobiq SSSR ushbu hujjatni qoʻllab-quvvatlamagan va ovoz berishda betaraf qolgan.
Oʻzbekiston 1991 yil 31 avgustda oʻz davlat mustaqilligini eʼlon qilganidan soʻng qisqa fursatda ratifikatsiya qilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hisoblanadi. Mana shu birgina qiyosiy dalilning oʻzi ham sobiq ittifoq tarkibidagi respublika bilan mustaqil Oʻzbekistonning siyosiy xohish-irodasi va huquqiy vakolatlari oʻrtasida yer bilan osmon qadar tafovut borligini koʻrsatib turibdi.
Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi” hamda 2018 yil 5 mayda tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi”da, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining huquqiy maqomini tubdan kuchaytirish belgilangandi.
Mamlakatimiz rahbarining bu borada qabul qilgan qaroridan koʻzlangan asosiy maqsad Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati samaradorligini oshirishdir. Shu bilan birga, qarorda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishning taʼsirchan tizimini yaratishga doir dolzarb vazifalar belgilab berildi. Qarorda, shuningdek, inson huquqlari sohasida amaliyotga joriy etilishi koʻzda tutilgan muhim yangilik va oʻzgarishlar aks etgan.
– Prezident qarorining amaliy ahamiyatini muxtasar sharhlab bersangiz?
– Maʼlumki, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Birinchi Prezidentimizning 1996 yil 31 oktyabrdagi farmoni asosida tuzilgan. Oʻtgan davrda Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarori bilan Milliy markazning faoliyati qoʻllab-quvvatlab kelindi.
Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu qarori bilan birinchi navbatda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining maqomi tubdan oshirildi. Qarorda taʼkidlanganidek, Milliy markaz Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning oʻzaro aloqalarini, milliy maʼruzalar tayyorlashni, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni taʼminlovchi davlat organi hisoblanadi.
Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishga aloqador vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari zimmasiga Milliy markaz bilan doimiy hamkorlik qilish vazifasi yuklandi. Milliy markazning soʻroviga koʻra inson huquqlari sohasida tegishli axborot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish uchun endilikda ushbu vazirlik va tashkilotlar oʻzlarining masʼul tuzilmalari va mansabdor shaxslarini belgilashi shart.
Insonning haq-huquqi oliy qadriyatdir. Chunki huquqi yoʻq kishi misoli jonsiz tana, uning na ovozi va na erki bor. Jamiyatda oʻzaro tenglik, adolat va haqiqatni qaror toptirish uchun ham inson huquqlari birinchi galda Asosiy qonunlarda kafolatlanadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida “Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas”, deb yozib qoʻyilgan. Inson qadr-qimmatini eʼzozlash, adolatni qaror toptirish masalasi keyingi yillarda mamlakatimizda ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan vazifaga aylandi.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz qarori asosida bu boradagi ishlarni bevosita nazorat qiladigan, tartibga soladigan, oʻrganadigan va boshqa davlat organlaridan mutlaqo mustaqil boʻlgan Milliy markaz oʻz ishini yangicha uslubda olib boradigan boʻldi.
– Milliy markaz oʻz faoliyatida davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimlari bilan qanday tartibda hamkorlik qiladi?
– Milliy markaz oʻzining vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Milliy markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarimizni bajarish masalalari boʻyicha koʻmaklashadi.
Qarorda Milliy markaz har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati toʻgʻrisida axborot taqdim etishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga Milliy markaz bilan hamkorlikda ish olib borish yuzasidan bir qancha muhim tavsiyalar berildi. Parlament palatalari endi oʻzlarining qoʻmita va komissiyalarida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarimizni bajarish boʻyicha milliy maʼruzalar loyihalarining muhokamalarini oʻtkazadi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish boʻyicha milliy maʼruzalar hamda BMTning ustav va shartnomaviy organlarida koʻrib chiqish yakunlarini parlamentda eshitish amaliyoti joriy etiladi. Parlament inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha milliy harakat rejalari – “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlashi koʻzda tutilmoqda.
Eng asosiysi, bundan buyon fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari boʻyicha qonun loyihalari Miliy markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi.
Bundan tashqari, qarorda belgilanganidek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri – inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish hisoblanadi.
Hozirgi kunda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va boshqa tashkilotlar bilan memorandumlar, oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari masalalari boʻyicha xalqaro forumlarda muntazam ishtirok etishni nazarda tutuvchi Milliy markazning xalqaro hamkorligini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqishga kirishdik.
– Milliy markazning Prezident qarori ijrosi doirasidagi faoliyatida nimalarga alohida urgʻu beriladi?
– Bu borada inson huquqlari sohasida chinakam yutuq boʻladigan muhim bir masala, yangi marra oldimizda turibdi. Agar biz aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirishga erishsak, bugun yechishimiz lozim boʻlgan qator muammolar oʻz-oʻzidan bartaraf etilishi va hatto yuzaga kelmasligi yoʻlida katta ishni bajargan boʻlamiz.
Zero, inson huquqlarining birinchi galdagi himoyachisi aynan insonning oʻzidir! Davlat rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida taʼkidlaganidek, “yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va masʼuliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat oʻzimizga bogʻliq”.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda keyingi ikki yilda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlardan koʻzlangan maqsad avvalo fuqarolarimizga yengillik yaratish, turli mantiqsiz taqiqlarni olib tashlash, davlat idora va tashkilotlari faoliyatini shaffof, oshkora yoʻlga qoʻyish, pirovard natijada aholi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashdir.
Yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi obroʻ va nufuzini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, shu yilning noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumida xalqaro taniqli siyosatchilar, koʻzga koʻringan olim va ekspertlarning ishtirok etgani bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz hayotining boshqa koʻplab sohalari qatori inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar soha mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etayotgan edi. Prezidentimiz qarori mazkur yoʻnalishdagi oʻzgarishlarning yuzaki, yasama xatti-harakat emas, aksincha, tom maʼnoda, qatʼiy, amaliy hamda izchil tarixiy yangilanishlar ekanini yana bir bor isbotlab berdi.
Gʻulom Mirzo suhbatlashdi

 

OʻzA