Koʻp bahs va munozaralarga sabab boʻladigan holat bor. Bu haydovchi va yoʻlovchilarni tekshiruv vaqtida avtomobil kabinasidan chiqish yoki chiqmasliklari masalasidir. Yangi qabul qilingan qarorda bu masalaga ham oydinlik kiritib ketilgan.
Endilikda quyidagi holatlarda YPX xodimi haydovchi yoki yoʻlovchilardan transport vositasi kabinasidan chiqishini talab qila oladi.
transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;
haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlganda;
transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlarni bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;
transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;
haydovchi yoki yoʻlovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda, haydovchining transport vositasi kabinasida boʻlishi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga tahdid solishi mumkin boʻlgan hollarda yaʼni haydovchining ruhiy holatiga, yoshiga, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori vositalari taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida, transport vositasini boshqara olishiga shubha boʻlganda;
Jismoniy nuqsoni sababli haydovchining transport vositasi kabinasidan chiqish imkoniyati cheklangan holatlar bundan mustasno.
Yuqoridagi vaziyatlar kuzatilmaganda YPX xodimi haydovchi va yoʻlovchilarni transport vositasidan tushishini talab etishga haqli emas.
Bu haqda bugun Toshkent shahar IIBB tomonidan jurnalistlar uchun oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.
Anora Sodiqova, OʻzA