Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali talabasi David Qonarboyev isteʼdodli yoshlardan.
Kompyuter injiniringi fakultetining 4-kursida tahsil olayotgan yosh dasturchi axborot texnologiyalari sohasida yangi-yangi innovatsion gʻoyalar ustida izlanmoqda. Oʻz loyihalari bilan mamlakat miqyosidagi innovatsion koʻrgazma va tanlovlarda faol ishtirok etib keladi. 2017 yili poytaxtda oʻtkazilgan “Chet tillarni oʻrgatuvchi eng yaxshi dastur va ishlanmalar” tanlovida “Qalpoqcha” nomli dasturi bilan 3-oʻrinni egallagan. Joriy yil oktyabr oyida oʻtkazilgan “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligida esa “Yosh innovator” nominatsiyasiga sazovor boʻldi. Shuningdek, uyali aloqa yordamida boshqariladigan roboto-texnikalar hamda axborot-texnologiya dasturlarini yaratishga erishgan.
David Qonarboyev mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlangan.
Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA