Iqtidorli yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni topshirildi

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faollari, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sovrindorlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz yoshlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, ular oʻz iqtidori va salohiyatini namoyon qilishlari, yuksak ilmi, fidoyiligi bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishlari uchun barcha sharoit mavjudligini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimizda yosh avlodning jahon andozalari darajasida taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, sport bilan shugʻullanishi, oʻz salohiyati va intilishlarini roʻyobga chiqarishi uchun yaratilgan keng shart-sharoitlar samarasida yigit-qizlarimiz turli sohalarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

2003-yildan buyon “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan yuksak vatanparvarlik, fidoyilik tuygʻusi, mehnatsevarlik fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obroʻsi, shon-shuhratini yuksaltirishga, uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, tengdoshlariga namuna boʻlayotgan yoshlar taqdirlanmoqda. Bugungi kunda bu koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 551 nafarni tashkil etadi.

Ushbu koʻkrak nishoniga nomzodlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etilib, sovrindorlarga mukofot Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining qarori asosida beriladi.

29.JPG

Bugungi kunda Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti jami 10 million nafardan ortiq yoshlarni birlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan kadrlarni yetishtirib bermoqda. Yoshlarning uy-joy bilan bogʻliq muammolarini hal qilish maqsadida 2018-2021-yillarda koʻp qavatli uylar barpo etish rejalashtirilgan. Banklar yoshlarga uy yoki mashina sotib olishi uchun kreditlar ajratmoqda. Yoshlar ittifoqi Qozogʻiston, Rossiya va Xitoy kabi koʻplab xorij davlatlaridagi yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda. Ittifoqda Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etilib, xorijda ishlab yurgan yoki tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar bilan ham aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonining topshirilishi yoshlarni yanada jipslashtirishga, ularni bir kuch boʻlib, oʻz bilim va isteʼdodi, fidoyiligi bilan Vatanimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishga ragʻbatlantirmoqda.

Marosimda ilm-fan, madaniyat, sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xoʻjaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda oʻqiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 41 nafar yigit-qizga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni tantanali topshirildi.

Taqdirlanganlar orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining iqtidorli talabalari ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʻlimi boshligʻi Shohrux Boymurodov ham bor.

– Mana shunday mukofot bilan taqdirlanishimiz mamlakatimizda biz, yoshlarga katta eʼtirof va eʼtibor samarasidir, – deydi Sh.Boymurodov – Yoshlarga dars berish va mashgʻulot oʻtish tizimining yangicha usullari boʻyicha 4 ta shaxsiy mualliflik texnologiyasini ishlab chiqqanman va aynan shu texnologiyalar uchun koʻplab yutuqlarga erishdim. Ilmiy izlanishlarim yoshlarni amaliyotga tayyorligini, ularning bilimi va salohiyatini aniqlash uchun sharoit yaratib beradi. Albatta, asosiy maqsadim – barcha yoshlar qatori kelgusida Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishdir.

Joriy yilda mazkur koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari ham taqdirlandi. Xususan, “Rossiya yoshlar ittifoqi” Umumrossiya jamoat tashkiloti raisi oʻrinbosari Tatyana Seliverstova hamda “Hi China“ dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi ijrochi prezidenti Lyu Sining faoliyati mazkur mukofotga munosib topildi.

– Mana shunday yuksak mukofotga loyiq koʻrilganim menda cheksiz gʻurur va iftixor tuygʻusini uygʻotdi, – deydi Lyu Si. – Bu xalqaro toifadagi birinchi mukofotimdir. Biz Oʻzbekiston va Xitoy yoshlari oʻrtasida 2+2 loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borayapmiz. Loyihada ikki davlat yoshlarining taʼlim sohasida tajriba almashishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, investitsiya sohasida ham bir qancha ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Xususan, kelgusi yilda bir milliard dollarlik sarmoya jamgʻarmasini tashkil qilib, Xitoydan investorlarni jalb qilgan holda Oʻzbekistonda yoshlar tadbirkorligi sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshamiz.

Tadbir yosh ijrochilar va sanʼat ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Davron Sunnatov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA