Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasida mualliflik va turdosh huquqlarning huquqiy himoyasi xalqaro standartlarini joriy qilish” mavzuida seminar tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2018-yil 30-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Jeneva konvensiyasiga, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi boʻyicha shartnomasiga va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar boʻyicha shartnomasiga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihalari qabul qilindi.
Seminarning maqsadi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qonun loyihalariga kiritilgan xalqaro shartnomalar va konvensiyalarning sanʼat, adabiy va badiiy asarlar mualliflari, ijrochilar va ularning fonogrammalarni takrorlash borasidagi huquqlarini muhofaza qilishdagi ahamiyati toʻgʻrisida kengroq maʼlumot berish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining yuqoridagi xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi munosabati bilan mamlakatimiz oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
Intellektual mulk huquqini himoyalash, shuningdek, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro shartnomalar talablaridan kelib chiqqan holda huquqni qoʻllash milliy amaliyotini takomillashtirishga oid masalalar qizgʻin muhokama etildi.
Ishtirokchilarining eʼtirof etishlaricha, Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatib oʻtilgan xalqaro hujjatlarga qoʻshilishi respublikamizning jahon hamjamiyati qarshisida adabiy va badiiy asarlar mualliflari, ijrochilar, fonogramma ishlab chiqaruvchilar va eshittirish uzatuvchi tashkilotlarning huquqlari muhofaza qilinishiga tegishli xalqaro huquqiy normalarga ogʻishmay amal qilish istagi barqaror ekanligidan guvohlik beradi.
Ekspertlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi qonunlarning qabul qilinishini ijobiy baholab, qisqa muddat ichida mamlakatimizda mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi, ishbilarmonlik muhiti va umuman olganda, investitsion muhitni yaxshilanishini taʼkidlab oʻtdilar.