Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev olib bordi.
Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisini joriy yilning 13-dekabr kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Senat yalpi majlisi muhokamasiga Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi masala kiritilmoqda.
Shuningdek, yalpi majlis kun tartibiga Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexanizmlarini, baʼzi davlat organlari faoliyatini, qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar shular jumlasidandir. Shu bilan birga, xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlar ham koʻrib chiqiladi.
Bundan tashqari, senatorlar yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining vazirlikning 2018-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitadilar.
Yalpi majlisda Fargʻona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti tinglanadi.
Senatorlar fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi raisining axborotini eshitadilar va 2019-yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil qilish dasturi toʻgʻrisidagi masalani ham koʻrib chiqadilar.
Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish va uni oʻtashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qoʻllash amaliyoti yuzasidan parlament soʻrovi yuborish bilan bogʻliq masalani muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining oʻn yettinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Senat Kengashi tomonidan ishchi guruh tuzildi.
Majlisda Senat Kengashining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.