Men bularni oʻz xohishim va vijdonim amriga koʻra yozdim. Hech kim majburlagan emas.
Jizzax davlat pedagogika instituti talabasiman. Internet, gazetalar orqali bosma nashrlarning bugungi ahvoli, obuna masalasi haqidagi maqolalarni oʻqib, oʻz fikrimni bildirgim keldi.
Bosma OAV toʻgʻrisidagi turli bahs-munozaralarda kimlardir gazetalar “oʻldi”, deyishgacha borayati. “Dunyoda gazeta yashaydi, Oʻzbekistonda “oʻladi” – shu fikrga yopishib olayotganlarga rahmim keladi. Tarmoq nashrlarining aksariyatini “Majburiy obuna”siz “yashay olmasligi”ni “kashf” qildik. Endigi vazifamiz nima? Milliy matbuotimizga, tariximizga, ota-bobolarimizga toshni qay bahona bilan otamiz?
Men bir talabaman. Ijtimoiy saytlardagi “gʻiybatlar” rosa asabimni buzdi. Qiziq-da, agar matbuotning umri tugagan boʻlsa, nega “kimlardir” gʻam chekaveradi. Qoʻying, gazetani oʻz holiga. Biz, talabalar uzzu-kun internetdan boʻshab uni qoʻlimizga ushlaylik. Hamma balo internetda oʻzi. Yaxshimi, yomonmi — hamma narsa bor u yerda. Ammo, shu paytgacha gazetadan yomonlik koʻribdi, turli oqimlarga kirib ketibdi, axloqan buzilib ketibdi, deb eshitmadim.
Obuna boʻlish ixtiyoriy, gazeta oʻqishmajburiy boʻlishi kerak. Ayniqsa, talaba-yoshlar uchun matbot suv va havoday zarur. Biz kitob, gazeta-jurnal orqali bilim saviyamizni mustahkamlamasak, kutubxonalarda oʻtirib mutolaa qilmasak, ertaga qaysi yuz bilan ziyoliman deya olamiz? Yoki shunday qilsak, kimlardir majburiy gazeta oʻqitgani uchun ishdan ketadimi? Bor gap-da! Nima deymiz, saviyasi uchun oʻqishga majbur qildi. Shunga ishdan olinsin, deymizmi?
Oʻzini ziyoliman deb bilgan kishi mutolaani kanda qilmaydi. Kitob, jurnal, gazeta – ziyolining maʼnaviy ozuqasi. Xoʻsh, shunday ekan, ziyoli kim? Biz jamiyatimizda kimlarni ziyolilar qatlami, deya bilishimiz kerak? Aslida ham biz bilgan ziyolilar gazeta oʻqishyaptimi?
Joriy yilda ayrim universitet va institutlarga qabul jarayonlarining notoʻgʻri tashkil etilganini “bilib” qoldik. Xoʻsh, ungacha-chi? Bilmasmidik? Rosti, bilardik. “Boʻm-boʻm” boshlar ham “oliy maʼlumotli” boʻlib ketgani bizga maʼlum-u, sizga nomaʼlum emas. Bu borada qulogʻingizga vaʼzxonlik qilish niyatim yoʻq. Demoqchi boʻlganim, mutaxassislik fanidan – 0 boʻlgan “ziyoli” gazetani qoʻliga ushlarmidi? Unga maʼnaviyat nima-yu, maʼrifat nima? Oyligini olsa boʻldi-da!
Onam oʻqituvchi boʻlganligi uchun uyimizga “Tong yulduzi”, gazetasi “Gulxan” jurnali kelib turardi. Oʻyinqaroq boʻlganim uchun, ochigʻi, oʻqishga unchalik qiziqmasdim. Onam oʻsha paytlari gazetalarda bosilgan sheʼrlarni yodlatardi. Yashirmayman, “mukofot” olish uchungina yodlardim. Asta-sekin matbuotga qiziqishim oshdi. Tuman nashrlarida uch-toʻrtta sheʼrim bosildi-yu, qoʻlimdan gazeta tushmaydigan boʻlib qoldi. Xullas, mutolaaga qiziqdim. Unga mehr qoʻydim. Aytmoqchimanki, men kabi yoshlar juda koʻp. Aynan ularning ilm yoʻlini tanlashiga, ziyolilar qatoriga qoʻshilishiga tuman nashrlari “poydevor” boʻlib xizmat qilgan. Biz esa bu nashrlarga “magʻzavani” agʻdaryapmiz, keraksiz, zararli, deyapmiz. Toʻgʻri, ayrim tuman gazetalari majburiy obunasiz yashay olmas. Ammo bu yashamasin, degani emas-ku! Shaxsan men tuman nashrlarini qanday boʻlmasin saqlab qolish tarafdoriman. Qancha pul ketsa-da. Kimlarning yoki qaysi tashkilotning hisobidan ketsa-da. Albatta, majburiy obuna hisobiga emas!
Internetni kuzatib borishimni aytdim. Bir kunda qanchadan qancha maʼlumotlarni oʻqiyman. Ammo kechga borib esimdan chiqib ketadi. Bu xotirani chatoqligidanmikin? Unday boʻlmasa kerak. Negaki “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Gazetxon xalq” sarlavhali maqola hali ham yodimda. Nega shunday ekan-a?
Televizor koʻrish, radio eshitish, hatto internet kovlashtirish ham oʻqishning oʻrnini bosmaydi.Negaki, ularda tomosha va koʻngilocharlik unsurlari ustun boʻladi. Shu sabab, ong qatlamlariga singib ketmaydi. Inson ularni jiddiy qabul qilmaydi. Mutolaa esa, aynan koʻngilga borib yetishi bilan fikrlash doirasini kengaytiradi. U oʻzingni va boshqalarni yanada yaxshiroq, kengroq, batafsilroq tushunishda yordam beradi.
Xulosam shunday: insoniyat yoʻqolib ketgan turlar haqida gapirganda, odatda dinozavrlar va mamontlarni esga oladi. Men bir talaba sifatida aytaman: qaysi turdagi nashr boʻlmasin, mamontlar qatori qirilib ketishini xohlamay man. Har bir nashrning oʻz oʻrni, oʻquvchisi, ijodkor yoshlari mavjud.
Darvoqe, men bularni oʻz xohishim va vijdonim amriga koʻra yozdim. Hech kim majburlagan emas.