matnazar-abdulhakim.jpgSheʼr koʻngil ishi, ijodkorning uygʻoq dardi. Oddiy soʻzni qogʻozga bitib, undan goʻzal sheʼr yaratish mashaqqatli ish. Soʻz yukini, soʻz masʼuliyatini his qilish baxti har kimga ham nasib etavermaydi. Sevimli shoirimiz Matnazar Abdulhakim ana shunday baxtga erishgan ijodkor edi.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, mohir tarjimon, tanqidchi Matnazar Abdulhakim tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan “Qancha sevsang, shuncha yashaysan faqat” nomli xotira tadbiri oʻtkazildi. Unda ijodkorning adabiyot olamida qoldirgan ijodiy va ilmiy merosi haqida soʻz bordi.

Tadbirda shoirning ijodi, hayoti haqida iliq soʻzlar, samimiy fikr-mulohazalar bildirildi. Unda Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adabiyotshunos Shuhrat Rizayevlar soʻzga chiqib, shoirning sheʼrlari, tarjima mahorati, tanqidchilikda tutgan oʻrni haqida yigʻilganlarga maʼlumot berdi. Uning xalq dardini his qilgan, xalqchil va samimiy ijodkor boʻlgani taʼkidlandi.

Yosh ijodkorlar tomonidan M.Abdulhakim sheʼrlaridan oʻqilgan namunalar adabiy kechaga oʻzgacha fayz baxsh etdi. Shoirning oʻzi oʻqigan sheʼrlarining videorolik shakli namoyish etildi.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA