Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari “Chirchiq” poligonida yigʻin oʻtadi

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-oʻquv maydonida 25-noyabrdan 28-noyabrga qadar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar katta-kichik rahbarlarining mudofaa sohasidagi ishtirokiga Oʻzbekiston Prezidenti 2017-yili Samarqandda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tanqidiy baho bergandi.

Muammoga yechim sifatida 2017-yil 12-dekabrda Prezidentning harbiy-maʼmuriy sektorlar xususida farmoni imzolandi. Boʻlib oʻtgan yigʻin shu maʼnoda ham muhim va dolzarb hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga koʻra, joriy yildan boshlab Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining yillik yigʻilishi oʻtkazilishi belgilandi.

Farmoyishda taʼkidlanishicha, qisqa muddat ichida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy boshqaruv organlari va boshqa davlat tashkilotlari tomonidan mamlakat mudofaa qobiliyatini takomillashtirishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilgan. Qurolli Kuchlar faoliyatining ochiqligini taʼminlash, mamlakat mudofaa sohasida davlat siyosatini shakllantirishda fuqarolik va nodavlat notijorat institutlar, boshqa tashkilotlarni keng jalb qilishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

photo5474180555034700291.jpg

Oʻtkazilgan yigʻinda vazirlar, ularning oʻrinbosarlari, hokimlar va boshqa darajadagi rahbarlarga Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yilning 4-avgustida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroridan, Mudofaa doktrinasidan, mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan vazifalar boʻyicha maʼruzalar oʻqildi.

Shuningdek, malakali harbiy mutaxassislar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirishda zarur boʻlgan koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha chiqishlar qildi. Amaliy harbiy mashgʻulotlar, milliy armiyamiz qurol-aslahasi, harbiy texnika namoyishida ishtirok etdi. Xullas, rahbar xodimlar poligonda, harbiy hayot ichida toʻrt kun yashab, nazariy va amaliy mashgʻulotlarni kuzatdi, turli qurol namunalaridan amalda oʻq otishdi.

28-noyabr kuni ertalab Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayyor Abdusalom Azizov yigʻin yopilishiga bagʻishlangan tadbirda ishtirokchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirdi.

 

OʻzA