Chiqindilarni kompleks boshqarish boʻyicha xalqaro seminar

Poytaxtimizda maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish masalalariga bagʻishlangan xalqaro seminar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalqaro tashkilotlar, chiqindilarni boshqarish sohasidagi xorijiy kompaniyalar vakillari, mazkur sohadagi milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Oybek Adhamjonov, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor va boshqalar mamlakatimizda 2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish borasidagi saʼy-harakatlar hududlarda sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirishda muhim omillardan ekanini qayd etdi.

Chiqindilarni kompleks boshqarish sohasidagi xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, ilgʻor texnologiyalar boʻyicha oʻzaro fikr almashish maqsadida tashkil etilgan ushbu seminarda chiqindi konteynerlarini ishlab chiqish, biochiqindilarni qayta ishlash, chiqindilar koʻmiladigan poligonlarni qurish va rekultivatsiya qilish, qattiq maishiy chiqindi poligonlarida zichlashtirish imkonini beruvchi texnikalarni tanlash va qoʻllash kabi masalalar muhokamasiga alohida ahamiyat qaratildi.

– Mamlakatimizda chiqindilarning atrof-muhitga hamda aholi salomatligiga salbiy taʼsirini kamaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – dedi Buxoro viloyatidagi “Aholi trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nasriddin Rashidov. – Bunda aynan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan chora-tadbirlarni hal etish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Tashkil etilgan tadbirda germaniyalik hamkorlarimiz bilan mazkur yoʻnalishda ularning tajribalarini oʻrganish, amaliyotga tatbiq etish va hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishish imkoniyati paydo boʻldi. Klaster usulida faoliyat koʻrsatayotgan korxonamizda chiqindilarni saralash liniyalari ishga tushirilgan. Chiqindilarni qayta ishlaydigan uskunalarga egamiz. Germaniyalik hamkorlarning korxonamiz faoliyatini takomillashtirishda amaliy yordam berishga tayyor ekani bizni quvontirmoqda.

– Bugungi seminar juda muhim mavzuda tashkil etilgan, – dedi Germaniyadagi “Gregori Weiser” firmasi rahbari Gregori Vayzer. – Negaki, unda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oladi. Ular aynan shunday tadbirlar yordamida mavjud muammolar yechimini topadi. Oʻn besh yillik faoliyatga ega firmamiz bugungi kunda koʻplab Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur anjumanda shu mavzuga doir zamonaviy texnologiyalar va yangi metodlar boʻyicha maʼruza qildim.

Tadbirda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni toʻplash va hududlardan olib chiqishning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA