Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 27-noyabr kuni Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi raisining oʻrinbosari Filip Voytex boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikka doir masalalar muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Cpikeri oʻrinbosari Sarvar Otamuratov mehmonlarga yurtimizda barqaror rivojlanish hamda xalq manfaatlarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ushbu jarayonlarda qonun ijodkorligining ahamiyati, Qonunchilik palatasi faoliyati haqida soʻzlab berdi.
Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasida diplomatik aloqalar 1993-yilda oʻrnatilgan. Bu ikki davlat oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish imkonini bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonning yaqin qoʻshni va Yevropadagi hamkor davlatlar bilan doʻstlik, oʻzaro ishonch va manfaatli sheriklik tamoyillariga asoslangan aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi. Bu, oʻz navbatida, qonun ijodkorligi, parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini amaliy mazmun bilan boyitishga zamin yaratmoqda.
Filip Voytex mamlakatimizda barqaror rivojlanish yoʻlida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat, keng koʻlamli islohotlar oʻzining ijobiy samaralarini berayotgani borasida fikr bildirdi. Parlamentarizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ikki tomon uchun birdek manfaatli ekanini qayd etdi. Bunda faoliyat olib borayotgan “Chexiya – Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari” doʻstlik guruhi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Muloqotda, shuningdek, Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar sohalardagi manfaatli sheriklikni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida nazorat-tahlil faoliyati yuzasidan tajriba almashish, bu borada istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Shu kuni Chexiya delegatsiyasi aʼzolari yurtimizdagi qator idora va vazirliklarda ham boʻlib, hamkorlikka oid muzokaralarda ishtirok etdi.