YEXHT bilan saylov qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha hamkorlik

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov 26-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuv 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtgan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusidagi Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mehmonlarga Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumidagi ishtiroki hamda ushbu xalqaro tashkilot vakillarining Oʻzbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida 1999-yildan beri faol qatnashib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda saylovlarni demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va erkin oʻtkazish maqsadida saylov toʻgʻrisidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish jarayonida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining taklif va tavsiyalari har tomonlama oʻrganilayotgani va inobatga olinayotgani taʼkidlandi.

Joriy yil sentyabr oyida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va Venetsiya komissiyasi delegatsiyasi Saylov kodeksi loyihasi yuzasidan dastlabki xulosalarini koʻrib chiqish uchun yurtimizga tashrif buyurdi. Keyinchalik uning muhokamasi Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi)ning 116-yalpi yigʻilishida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokida boʻlib oʻtdi.

16-17 noyabr kunlari Buxoro shahrida “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Saylov kodeksi loyihasining ekspertlik muhokamasi oʻtkazildi.

Ingibyorg Solrun Gisladottir xonim mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil dekabr oyida Oliy Majlisga Murojaatnomasida Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarga katta eʼtibor berilayotganini yuqori baholadi.

Tomonlar muloqot davomida oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash va izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashdilar.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA