Milan davlat universiteti professori Jizzax davlat pedagogika institutida

Italiyalik fizik olim, Milan davlat Universiteti professori Jiunki Jovanni Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti talablariga kelgusida masofaviy taʼlim – onlayn mashgʻulotlar olib borishini aytdi.
Bu haqda Jizzax viloyati hokimligining rasmiy saytida pedagogika instituti matbuot xizmati xabariga tayanib eʼlon qilingan xabarda aytildi.Taʼkidlanishicha, Jizzax davlat pedagogika institutiga tashrif buyurgan Jiunki Jovanni ushbu muassasa rektori A.Xolbekov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, ilm-fan va ishlab chiqarish sohasi oʻrtasidagi integratsiyani kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora tadbirlar, xorijiy oliy taʼlim muassasalari institutning hamkorlik munosabatlari, taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiya va metodlarni jalb qilish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Professor Jiunki Jovanni institut rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda taʼlim tizimining sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, u kelgusida institutning fizika yoʻnalishida dars beruvchi oʻqituvchi va magistrlarining ilmiy-tadqiqot ishlariga yaqindan koʻmak berishga tayyor ekanligini, fizika sohasida kadrlar yetishtirishga oʻz hissasini qoʻshish istagidaligini taʼkidlab oʻtdi.
Tashrifning ikkinchi kuni institutning Axborot resurs markazida Milan davlat Universiteti professori fizika yoʻnalishi talabalari va oʻqituvchilariga “Innovatsion texnologiyalar” fanidan mahorat darsi oʻtdi.

 

OʻzA