IIV Malaka oshirish instituti: vazifalar va ustuvor yoʻnalishlar sari

Vazirlikning tashkiliy tuzilmasida mustaqil taʼlim muassasasi hisoblangan Malaka oshirish instituti tashkil etildi.

Ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish va uni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori imzolanganligi muhim voqea boʻldi. Qarorga asosan, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasida mustaqil taʼlim muassasasi hisoblangan Malaka oshirish instituti tashkil etildi.

Malaka oshirish instituti tarkibida Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jinoyatchilikka qarshi kurashish, Jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kafedralari tashkil etilgan. Xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv yigʻinlari, sayyor yigʻinlar, masofadan oʻqitish taʼlim va oʻquv jarayonini tashkil etish, muvofiqlashtirish va tahlil boʻlimi nazoratida ushbu kafedralar professor-oʻqituvchilari tarkibi tomonidan oʻtkaziladi. Joylarda sayyor oʻquv yigʻinlarini olib borish maqsadida, Vazirlikning barcha Akademik litseylarida Malaka oshirish institutining filiallari (auditoriyalari) tashkil etilgan. Oʻquv dasturlari asosida mazkur filiallarda tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan qisqa muddatli oʻquv yigʻinlari xodimlarni xizmatdan ajratmagan holda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Malaka oshirish institutida boshqa oliy taʼlim muassasalari va davlat organlari, shu jumladan, xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilish mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, institut Vazirlikning ichki ishlar organlari xodimlarini boshlangʻich tayyorlash va malakasini oshirish markazlarining oʻquv-uslubiy jarayonini muvofiqlashtiradi.

Vazirlik tomonidan tasdiqlangan reja-taqsimotga muvofiq oʻquv yigʻinlariga yuborilgan ofitser xodimlar Malaka oshirish institutining tinglovchilari safiga qabul qilinadi va tegishli yoʻnalishda tayyorgarlikdan oʻtadi. Ichki ishlar organlarining har bir xodimi mutaxassisligi boʻyicha toʻrt yilda bir marta malaka oshirishlari lozimligi belgilab qoʻyilgan.

Malaka oshirish instituti jamoasi oldiga qoʻyilgan vazifalarni toʻla-toʻkis amalga oshirish maqsadida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida yoʻl xaritasi belgilab olingan:

Jumladan, birinchi yoʻnalish boʻyicha belgilangan maqsadlarga erishish samaradorligini oshirish uchun oʻquv jarayoniga “Andragogika” qoidalariga asoslanib, interfaol metodlar va zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish. Unda anʼanaviy taʼlim bilan birgalikda interfaol taʼlimning keng qoʻllanilishiga erishish:

• oʻquv jarayonini amaliy yoʻnaltirilgan holda “Modul tizimi” asosida tashkil etish;

• mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha blok-modul asosida oʻquv dasturlarini;

• mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-mavzusi rejalarini;

• mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha oʻqish muddatini birinchi kundan oxirgi kungacha toʻliq qamrab olgan holda har bir juftlikda tinglovchi faoliyati loyihalashtirilgan oʻquv metodik komplekslarni bosqichma-bosqich tayyorlab borish;

• xizmat faoliyati boʻyicha kasbiy tayyorgarlik;

• xizmat faoliyati boʻyicha huquqiy tayyorgarlik;

• xizmat faoliyatidagi islohot, yangilik va ilgʻor tajribalar;

• axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan xizmat faoliyatida foydalanish oʻquv blok-modullari;

• oʻquv jarayonida zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni qoʻllagan holda, oʻquv yigʻinining birinchi kunidan oxirgi kuniga qadar yagona maqsadga yoʻnaltirilgan holda loyihalashtirish hamda kafolatlangan natijalarga erishish;

• oʻquv mashgʻulotlarini interfaol metodlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllagan holda oʻtkazish (“Keys-stadi”, “Aqliy hujum”, “Rolli oʻyinlar”, “BBB”, “Bumerang”,“Klaster”, “Baliq skeleti”, “Davra suhbati” va boshqalar);

• tayyorlanayotgan barcha metodik materiallarda zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlar aks etishini taʼminlash. Ikkinchi yoʻnalish boʻyicha, taʼlimning innovatsion turlarini oʻquv jarayoniga tatbiq etish orqali, oʻquv jarayonida noanʼanaviy taʼlim usullaridan foydalanish, xodimlarning malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida qulaylik yaratish, xodimlarni toʻliq qamrab olish, vaqt tejamkorligiga erishish va sarf-xarajatlarni qisqartirish maqsadida keng tatbiq etish:

• oʻquv jarayoniga masofaviy taʼlim turini tatbiq etish;

• xodimlar bilan joylarda sayyor oʻquv yigʻinlarini tashkil etish.

Uchinchi yoʻnalish boʻyicha, oʻquv jarayonini loyihalashtirish va ularni oʻquv-metodik taʼminlash, oʻquv intizomiga rioya etilishini doimiy nazorat qilish belgilangan.

Shuningdek, professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv-xizmat intizomining doimiy monitoringini olib borish tartibi:

• professor-oʻqituvchilarning oʻquv mashgʻulotlar boʻyicha taqsimotini doimiy nazorat qilib borish va oʻquv intizomiga qatʼiy rioya etishlarini taʼminlash;

• oʻquv jarayonida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini doimiy koʻrib borish;

• ilmiy-tadqiqot ishlarini ichki ishlar organlari faoliyati huquqiy asoslarini rivojlantirish, huquqni muhofaza qilish va huquqni qoʻllash faoliyati, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishni takomillashtirish sohalari bilan birga, bu boradagi xalqaro tajribani muntazam oʻrganib borish;

• olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini oʻquv jarayoniga va huquqni qoʻllash amaliyotiga keng tatbiq etish;

• ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida huquq ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotida foydalanish uchun axborot-tahliliy materiallar va tavsiyalarni tayyorlash;

• ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari yuzasidan ichki ishlar organlari faoliyati uchun amaliy ahamiyat kasb etuvchi qoʻllanmalar tayyorlash;

• ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishida turdosh va xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish.

Professor-oʻqituvchilar tarkibining pedagogik-metodik mahoratlarini va bilimlarini doimiy ravishda oshirib borish tartibi quyidagicha:

• ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi yangiliklar, qoʻllanilayotgan ilgʻor tajribalar, mavjud muammolardan doimiy xabardor boʻlib borishlari uchun ichki ishlar organlarida kunlik, haftalik, oylik amaliyotlar va stajirovka oʻtashlarini tashkil etish;

• oʻquv mashgʻulotlarini zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalangan holda oʻtkazish hamda malakalarini oshirish maqsadida mutaxassislarni taklif etgan holda oʻquv kurslarini tashkil etish;

• Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

• Bosh ilmiy-metodik markazida malaka oshirish kurslari oʻquv yigʻinlarida professor-oʻqituvchilar tarkibi qatnashishini tashkil etish;

• oʻquv mashgʻulotlarida zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakalarini oshirish uchun yetakchi professor-oʻqituvchilar tomonidan master-klass mashgʻulotlari oʻtkazilishini doimiy tashkillashtirish;

• professor-oʻqituvchilarning kasbiy bilimlari darajasini nazorat qilish, pedagogik va metodik mahoratlarini oshirib borish, oʻquv mashgʻulotlarida zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni taʼminlash borasidagi malakalarini oshirib borish maqsadida, pedagogik nazorat va mashgʻulotlarga toʻliq qatnashishlarni tashkillashtirish. Professor-oʻqituvchilar va tinglovchilar uchun axborot-resurs markazi imkoniyatidan foydalanish uchun sharoitlar yaratish quyidagicha amalga oshiriladi:

• axborot-resurs markazi fondini oʻquv, ilmiy, badiiy adabiyot va jurnallar bilan toʻldirish chora-tadbirlarini belgilash, Vazirlik Akademiyasi va boshqa turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan oʻquv adabiyotlarini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzish, adabiyotlarni xarid qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash,fondni doimiy ravishda yangilab va kengaytirib borish.

Ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligiga erishish maqsadida, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi dolzarb muammolar yuzasidan ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish:

Malaka oshirish institutining oʻquv moddiy-texnik bazasini saqlash, asrab-avaylash va doimiy ravishda takomillashtirib borish.

Bugungi kunda Malaka oshirish instituti faoliyatini tashkil etish maqsadida tegishli oʻquv bazasini yaratish, uni takomillashtirish hamda normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash boʻyicha tadbirlar oʻtkazilmoqda. Malaka oshirish institutining Nizomi va oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha Yoʻriqnoma ishlab chiqilib, ular asosida tegishli ishlar amalga oshirilishida davom etilmoqda.

A.Pardiyev,
IIV Malaka oshirish instituti rahbari

 

 

OʻzA