Xalq banki lotereyalari: yurtdoshlarimizga ham imkoniyat ham saxovat ulashmoqda

Mamlakatimizning eng yirik va universal banklaridan biri sanalgan aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan bank tizimi uchun noanʼanaviy faoliyat turi – yutuqli lotereyalarni tashkil etish va oʻtkazish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash lazimki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi “Pul-buyum lotereyalari oʻtkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Xalq bankiga lotereyalarni tashkil etish huquqi berilgan. Shundan buyon bankning yutuqli lotereyalari Moliya vazirligi tomonidan Lotereyalar faoliyatini tashkil etish uchun berilgan litsenziya asosida oʻtkazib kelinmoqda.

Bugungi kunda bank bir necha turdagi pul va pul-buyum yutuqli, lahzali, tirajli va sonli-televizion lotereyalar oʻtkazilishi natijasida koʻplab yurtdoshlarimiz turli pul-buyum yutuqlar sohibiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, lotereyalar bilan ishlash jarayonida mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, yutuq sohibiga aylangan oʻyin ishtirokchilariga yutuqlarining oʻz vaqtida toʻlanishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 7 million 729 mingdan ziyod 51,8 mlrd. soʻmdan ortiq miqdordagi pul va buyum yutuqlari gʻolib boʻlgan yutuq egalariga toʻlab berildi. Jumladan, yil davomida “Orlando”, “Spark”, “Matiz”, “Nexia-3” va “Damas” rusumidagi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 36 ta avtomobil omadliyurtdoshlarimizga topshirildi.

– Koʻp yillardan buyon Xalq banki lotereyalarini oʻynab kelaman, bir necha bor turli miqdordagi pul yutuqlarini ham yutganman, lekin bugungisi ularning orasida eng kattasi boʻldi, – deydi xorazmlik omadli hamyurtimiz Izzat Oʻrazov. – Yaxshi niyat bilan harakat qilaverish kerak ekan. Mana, yaqinda “Besh karra besh” lotereyasidan 15 ming soʻmga 5 dona olgan edim. Ularning biridan “Orlando” avtomobili chiqdi. Ushbu yutuq menga nasib qilganidan juda xursand boʻldim.

photo5449759774716570037.jpg

Suratda: Izzat Oʻrazov yutugʻini qabul qilib olmoqda.

Lotereyalarda oʻynalgan turli miqdordagi pul va avtomobil yutuqlari mamlakatimiz aholisining oila farovonligi yoʻlida xizmat qilayotgan boʻlsa, lotereyalarning oʻtkazilishidan olingan mablagʻlarning muayyan qismi esa, bir qator ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilmoqda.

photo5449759774716570038.jpg

Suratda: Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida istiqomat qiluvchi yana bir omadli hamyurtimiz Dilbar Atamuradova “Sharqona lotto” sonli, pul-buyum yutuqli lotereyasi “36 dan 6” oʻyini 55-tiraj gʻolibi boʻlgan.

Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida bank tomonidan lotereya daromadlari hisobidan bolalar sportini rivojlantirish, mehribonlik uylariga, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mahallalarni obodonlashtirish, yosh olimlarning eng yaxshi innovatsion loyihalarini ragʻbatlantirish, shuningdek, urush qatnashchilari va nogiron, qariya hamda front orti mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor hamda kam taʼminlangan oilalargajami 4,0 mlrd. soʻmga yaqin xayriya mablagʻlari moliyaviy yordam sifatida ajratildi.

Misol uchun, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarga 555,4 mln. soʻmlik, mehribonlik uylari, internatlar, muruvvat uylariga 278,2 mln. soʻmlik, mahallalarni obodonlashtirish uchun 810,6 mln. soʻmlik, turli ijtimoiy tadbirlarni oʻtkazish va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda frontorti mehnatkashlariga xayriya tarzida 674,0 mln. soʻmlik xayriya mablagʻlari ajratildi. Shuningdek, yurtimizda bolalar sporti va sport sohasini rivojlantirishga va boshqa shu kabi ijtimoiy yoʻnalishlarga 1 049,5 mln. soʻmlik xayriya mablagʻlari ajratildi.

Bundan tashqari, Chirchiq shahridagi 14-sonli mehribonlik uyiga “Damas” avtomobili va 18,3 mln. soʻmlik6 ta kompyuter jamlanmasi, Kitob tumanidagi 5-mehribonlik uyiga 35 mln. soʻm, Qarshi muruvvat bolalar uyiga“Damas” avtomobili va 79,6 mln. soʻm, Xiva “Muruvvat” nogironlar uchun erkaklar internat uyiga esa“Spark” avtomobili va 35,5 mln. soʻm, Xiva bolalar shaharchasiga 45,9 mln. soʻm xayriya mablagʻlari ajratildi. Albatta, ushbu tadbirlar Xalq banki lotereyalari hisobidan amalga oshirilmoqda.

– Xivadagi “Muruvvat” nogironlar uchun erkaklar internat uyida 200 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda, – deydi ushbu internat direktori Ravshanbek Sherniyozov. – Albatta, muassasamizdagi kishilarga turli tashkilot va korxonalardan koʻplab xayriya yordamlari koʻrsatib kelinadi. Biroq Xalq banki tomonidan joriy yilning sentyabr oyida “Spark” avtomobili va 35,5 mln. soʻmlik turli kiyim-kechaklar xayriya sifatida berilgani barchamizni cheksiz quvontirdi.

Shuningdek, respublikamizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Xalq banki ham faol ishtirok etmoqda. Buning misoli sifatida aytishimiz mumkinki, har birida 100 nafar fuqaromizga qadimiy shaharlarimizga sayohat qilish imkoniyatini beruvchi yoʻllanmalari oʻynalgan “Koʻhna Xiva” va “Qadimiy Buxoro” tirajli lotereyalari oʻtkazildi.

Shuni ham alohida aytish kerakki, Xalq banki taklif etilayotgan lotereyalarning shartlari jozibadorligini oshirishga qaratilgan yoʻnalishlarda fuqarolarning talab va takliflari asosida izlanishlar olib borish bilan birga, lotereyalar biletlarini ixtiyoriylik prinsiplariga qatʼiy amal qilgan holda sotilishi jarayoni Bank boshqaruvi tomonidan nazoratga olingan.

Oʻyin biletlarini bank mijozlariga xizmat koʻrsatish davomida ish haqlari, pensiya va nafaqalarga majburan qoʻshib sotilishining oldini olish choralari koʻrilgan holda, lotereyalarni istirohat bogʻlari, bozorlar, avtobekatlar va boshqa aholi gavjum joylarda turgʻun va vaqtinchalik savdo nuqtalarini tashkil etish, shuningdek, jamoatchi tarqatuvchilarni jalb qilish orqali sotilishi belgilangan.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, Xalq banki tomonidan sotuvga chiqarilayotgan lotereyalar millionlab yurtdoshlarimizga bir olam quvonch olib kelishi bilan birga, mamlakatimizdagi koʻplab xayriya tadbirlarini amalga oshirilishiga moddiy manbaa boʻlib xizmat qilmoqda. Zero, Xalq banki lotereyalari yurtdoshlarimizga ham imkoniyat ham saxovat ulashayotir.

Bank axborot xizmati
Reklama huquqi asosida

 

OʻzA