Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Hazrati Shayx Suzuk ota taʼlimoti va maʼrifatlari” mavzuida tadbir tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, hamda yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash, aziz avliyo va allomalarimiz nomini abadiylashtirish, ular mangu qoʻnim topgan maskanlarni obod qilishga alohida eʼtibor berilayotgani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari bir necha bor poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan “Suzuk ota” majmuasida boʻlib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Ushbu hududda ziyoratchilar va hunarmandlar uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Tadbirda Asqar Obidovning “Xoja Ahmad Yassaviy va Suzuk ota” nomli kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi. Kitobda Xoja Ahmad Yassaviy va uning shajarasi, Suzuk ota (Mustafoqul) hamda Suzuk ota mahallasi hunarmandlari, “Suzuk ota” majmuasi haqida batafsil maʼlumotlar, rivoyatlar keltirilgan.