Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadigan turizmni jadal rivojlantirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targʻibot qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda soha mutaxassislari tomonidan ekstremal sport turlari, ekologik va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun Toshkent viloyatining tabiiy sharoiti hamda imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Hududning yuqori ekoturizm salohiyati, ulkan togʻ tizmalari, noyob hayvonot va nabotot dunyosi, qulay iqlimi bilan ajralib turishi esa bunga yorqin misoldir.
Ayni paytda viloyatda sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Chirchiq shahri, Oʻrta Chirchiq va Parkent tumanlarida 7 oilaviy mehmon uyi tashkil etildi.
Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan joylarda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini keng targʻib etish, tadbirkorlik subyektlari va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Jumladan, Angren shahrida shu mavzuda oʻtkazilgan muloqotda viloyat va shahar hokimligi masʼullari, turizmni rivojlantirish departamenti xodimlari, viloyat markaziy bank, soliq boshqarmalari boshliqlari ishtirok etib, aholiga oilaviy mehmon uylari faoliyatining afzalliklari yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi. Hududlarda oʻtkazilayotgan bu kabi uchrashuvlarda fuqarolardan ham koʻplab takliflar tushmoqda.
Qarorga muvofiq, oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar joyga ega boʻlgan shaxs oilaviy mehmon uylarini roʻyxatga olish va uning yagona reyestriga kirish uchun ariza berishi kerak. Mazkur reyestr Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan yuritiladi. Oilaviy mehmon uyi – mazkur mehmon uyida uy egasining oila aʼzolari bilan birga yashash tamoyili boʻyicha bir vaqtning oʻzida 10 nafargacha tashrif buyuruvchiga yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi xususiy uy-joydir. Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan tadbirkorlar buyurtmalariga binoan eng kam ish haqining 300 barobarigacha miqdorda, besh yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi mumkin. Reyestr elektron shaklda yuritilib, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Aholi xonadonlarida oilaviy mehmon uyini tashkil etish va qishloqqa kelgan mehmonlarga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish orqali ziyoratgoh, tabiatning soʻlim goʻshalariga mehmonlar sayrlari tashkil etiladi. Turistlarning qolish muddatini uzaytirish maqsadida milliy urf-odatlar va turli marosimlar oʻtkazish, hunarmandchilik savdosini yoʻlga qoʻyish, milliy taomlar tayyorlash jarayonini namoyish etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, turistik obyektlarda Wi-Fi zonasini tashkil etish, mobil aloqa sifatini oshirish yuzasidan zarur choralar ham koʻriladi. Muhimi, mazkur saʼy-harakatlar tufayli mahalliy aholi bandligi taʼminlanib, daromadi oshadi.
Kelgusida oilaviy mehmon uylarining asosiy qismi Boʻstonliq tumanida roʻyxatdan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Sababi ushbu tuman soʻlim tabiati bilan nafaqat turistlar, balki yurtdoshlarimizni ham oʻziga jalb qiladi. Dunyo miqyosida sayyohlik sohasi jadal rivojlanayotganini hisobga olsak, tashkil etilayotgan oilaviy mehmon uylari ham xalqimizning boy tarixi, milliy urf-odatlari va mehmondoʻstligini namoyish etishda muhim rol oʻynaydi.