“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida davom etayotgan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, Oʻzbekistonda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan ishbilarmonlar bilan gavjum.
Yuzlab xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimiz hududlarining turizm salohiyati va imkoniyatlari, milliy hunarmandlik namunalari bilan yaqindan tanishib, istiqbolli loyihalarni roʻyobga chiqarishga doir muzokaralarda ishtirok etmoqda.
Anjuman doirasida taqdimotlar, amaliy muloqotlar bilan birga, B2B, B2G uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbarlari va menejerlari mamlakatimizdagi istiqbolli sayyohlik yoʻnalishlari bilan tanishish, hamkorlik oʻrnatish va oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega boʻlmoqda.
Tadbirda viloyatlarimiz mutasaddilari tomonidan oʻtkazilayotgan namoyishlarda mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyati haqida toʻliq maʼlumot olish imkoniga ega boʻlmoqda.
Ayniqsa, Toshkent viloyatining stendlarida namoyish etilayotgan yangi loyihalar taqdimoti investorlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Mamlakatimizning har bir hududida boʻlgani kabi Toshkent viloyatida ham turizm sohasini yangi tarmoqlar hisobiga yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2018-yilning oʻtgan oʻn oyi davomida investorlarga 23 turistik obyekt qurish uchun yer maydoni ajratildi. Bu infratuzilmani rivojlantirish va hududning sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Jumladan, 2018-yil boshida viloyatda 3 mingdan ziyod turistlarga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu raqamlar 4 ming 500 ga yetdi. Yangi loyihalarning ishga tushirilishi bilan viloyatning bu boradagi koʻrsatkichi 7 mingdan ortadi.
– Shu kunga qadar turistlar oqimi yuqori boʻlgan tumanlardagi 17 boʻsh yer maydonida joylashgan inshootlar imtiyozli shartlarda investorlarga berildi, – deydi Toshkent viloyati hokimligi Turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha kotibiyat mudiri B.Ruxiddinov. – Shu orqali infratuzilmani yaxshilash, servis va xizmat koʻrsatishni yuqori darajada tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda hukumat qarori asosida boʻsh yer maydonlarida turistik infratuzilmani tashkil etish maqsadida boʻlgan sarmoyadorlarga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilash orqali, auksion savdolarisiz muzokara oʻtkazish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻri yer ajratish belgilandi. Ushbu maqsadlarda ishchi guruh tomonidan Angren, Nurafshon, Yangiyoʻl shaharlarida, shuningdek, Boʻstonliq, Parkent tumanlarida 540 gektar maydondagi 130 dan ortiq yer uchastkalari tanlab olindi.
Forumda ushbu yer maydonlarida sayyohlik obyektlarini qurish boʻyicha xorijiy investorlar bilan 50 million AQSH dollari miqdoridagi 30 dan ortiq shartnomalar imzolashga erishildi.
Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham oʻz biznes gʻoyalarini namoyish etish imkoniga ega boʻlmoqda. Masalan, Jizzax viloyatidagi “Arnasoy dengiz” MCHJ mutasaddilarining Aydarkoʻl sohili boʻyida mavsumiy choʻmilish va dam olish maskanlarini qurish loyihasiga chet ellik sarmoyadorlar tomonidan qiziqish bildirildi.
– Tabiiy landshaft, betakror tabiatga ega Aydarkoʻlda sohil boʻyi turizmini tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – deydi “Arnasoy dengiz” korxonasi rahbari Nazrullo Normatov. – Bu kabi qulayliklardan oqilona foydalangan holda 200 million soʻm shaxsiy mablagʻ hisobiga sohil boʻyida mavsumiy choʻmilish zonasi, kemping majmuasi, servis xizmati tashkil qildik. Forumdagi ishtirokimiz orqali loyihaning ikkinchi qismini – qum va plyaj futboli, voleybol sport maydonchalari, madaniy va koʻngilochar hududlar, mehmonxona xizmatini ishga tushirishda investorlarni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Hozirgi kunda turkiyalik hamkorlar loyihaga qiziqish bildirmoqda.
Anjumanda xorijiy hamkorlar ishtirokida mamlakatimizda Oʻzbekiston – Singapur sayyohlik markazini ochish, Sirdaryo viloyatida 18 milliard soʻmlik loyihani amalga oshirish, sheriklik kelishuvini roʻyobga chiqarishga oid memorandumlar, shuningdek, mahalliy sarmoyadorlar tomonidan Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Fargʻona viloyatlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha foydali bitimlar imzolashga erishildi.
Shu kuni Xalqaro hamkorlik markazida “Oʻzbekistonda 2025-yilgacha turizmni rivojlantirish konsepsiyasi” mavzuida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, xalqaro ekspertlar, Andijon, Namangan, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahri turizm subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Unda turizm sohasida kadrlar tayyorlash, sayyohlik tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, transport va infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.