Parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan ko‘p kvartirali uylarda turar va noturar joylardan, umumiy mulkdan foydalanish va ularni saqlash masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda deputatlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarda turar joylardan, umumiy mulkdan foydalanish va ularni saqlash tartibi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi keng muhokama qilindi.

Mamlakatimizda bugungi kunda 4 mingdan ortiq uy-joy mulkdorlar shirkati 32,4 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aholiga uy-joylar qurish faol rivojlanmoqda.

Tadbirda aholi bilan o‘tkazilgan bevosita uchrashuv va muloqotlarda ko‘tarilgan savollar, fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda ushbu sohaga oid huquqiy bazani takomillashtirish, uy-joy va kommunal xizmatni tubdan yaxshilash masalasi bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

– Deputatlar tomonidan hududlardagi ahvolni o‘rganish va aholi bilan o‘tkazilayotgan doimiy muloqotlar davomida uy-joy va kommunal sohada foydalanilmagan imkoniyatlar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Pardayev. – Yashash va sanitariya tartibi, umumiy mulkdan foydalanish, ko‘p qavatli uylarning tashqi fasad arxitekturasi buzilishi hamda tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi mashinalari tezkor harakatiga halaqit qiluvchi noqonuniy qurilishlar, ruxsat etilmagan joylarni, uy atrofidagi ichki ko‘chalarni o‘rab olish va boshqa masalalar shular jumlasidan.

Sohadagi mavjud muammolar yechimi yuzasidan qo‘mitaning bir guruh deputatlari yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Ushbu qonunning maqsadi ko‘p kvartirali uylarda turar va noturar joylardan va umumiy mulkdan foydalanish, ularni saqlab turish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun loyihasida ko‘p kvartirali uydagi turar va noturar joylardan foydalanish tartiblari, mol-mulk mulkdorining majburiyatlari aniq ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, yashash uchun belgilangan sanitariya-epidemiologiya va texnik talablarga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga, ushbu qonun talablariga va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga rioya qilish belgilangan. Shuningdek, turar joylarni, yordamchi xonalar, balkon va peshayvonlarni toza saqlash, uylardagi lift kabinalarini ifloslantirmaslik, suv, gaz, elektr va issiqlik energiyasini tejab sarflash kabi majburiyatlar ko‘rsatilgan.

Qonun loyihasida ko‘p xonadonli uylarda umumiy mulkni texnik va sanitar saqlash, joriy va mukammal ta’mirlash, hududni obodonlashtirish, hovli atrofini ko‘kalamzorlashtirish, bolalar maydonchasiga xavfsiz va zamonaviy o‘yin konstruksiyalarini o‘rnatish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini asrab-avaylash, sanitar-epidemiologik va texnik talablarga hamda yong‘in xavfsizligi tartiblariga rioya etish va boshqa masalalar nazarda tutilgan.

Depututlar va tadbir qatnashchilari tomonidan qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Xonadonlarni ta’mirlash jarayonida ichki devor va ustunlarni qayta joylashtirish, ko‘p qavatli xonadonlar atrofida maxsus avtoturargoh hamda qo‘shimcha inshootlar qurish, ventilyatsiya shaxtalari va kanallarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va rekonstruksiya qilish, uylarning tom va fasad qismlariga sun’iy yo‘ldosh antenna, sovitish uskunalari va boshqa konstruksiyalar o‘rnatishni taqiqlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, tadbirda ko‘p xonadonli uylarda yashovchilar, yoshlar va bolalar o‘rtasida turli musobaqalar hamda bayramlar tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA