“Mintaqaviy maloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever (Sloveniya) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi.
Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror topsa, unga barham berish mumkin
Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish zarurmi yoki shartmi?
Bu talablar aslida Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunida oʻz ifodasini topgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan oʻrin olgan meʼyorlarni bajarish nafaqat masʼul shaxslar, balki barchaning burchidir.
2017 yil 4 yanvarda kuchga kirgan ushbu qonun milliy qonunchiligimizda taʼsir kuchiga ega boʻlgan qonunlardan biri boʻldi. Oʻtgan qisqa vaqtda buning amaliy ifodasini hayotda koʻrish imkoni paydo boʻlganini, korrupsiyaviy holatlarni fosh etishda aholining faolligi oshganini hech kim inkor eta olmaydi.
Eng muhimi, bu jarayonni xalqaro ekspertlar ham eʼtirof etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida “Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha choralar samaradorligini oshirish” mavzuida tashkil etilgan seminarda soʻzlagan “Mintaqaviy maloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever (Sloveniya) aynan shu jihatga eʼtibor qaratdi.
“Hech bir mamlakat aslida korrupsiyadan holi emas, – deya taʼqidladi M.Sever. – Lekin eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashishga davlat darajasida eʼtibor qaratilishi oʻz samarasini bermasdan qolmaydi. Oʻzbekistonda bu masalaga eʼtibor kuchaygani, odamlarda korrupsiyasiz yashash istagi borligining oʻzi eʼtiborga loyiq”.
Bosh prokuratura tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi aʼzolari, davlat organlari rahbarlari va ushbu masala boʻyicha masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi axborot kommunikatsiya texnologiyalarni qoʻllash, bu boradagi xalqaro standartlar, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi normalarini milliy qonunchilik va amaliyotda amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari haqida maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlandiki, 2017-2018 yillarga moʻljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi doirasida ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik jadallashtirildi.
YEXHT va Yevropa Kengashining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha eksperti Yaroslav Strelchenokning davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash boʻyicha chora-tadbirlarni joriy etish, aholining korrupsiyaga qarshi qarashlarini shakllantirish boʻyicha xalqaro tajribalar haqidagi taqdimoti shtirokchilarda qiziqish uygʻotdi.
Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish borasida qilingan ishlar tahlili bilan birga kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarga eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarning bu borada bilim va tajribasini oshirishga qaratilgan uslubiy va amaliy koʻrsatmalar berildi. Shu bilan birga, ishtirokchilar oʻzaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega boʻldi.
N.Abduraimova, OʻzA