Insoniyat oilasining hamma aʼzolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish – erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi muqaddimasi ana shunday ezgu soʻz va maqsad bilan boshlangan.
Qayd etish kerak, Ikkinchi jahon urushidagi mudhish qotilliklar, tiriklayin yoqilgan odamlarning ohu nolasi bashariyatni insoniylik mezonlari majmuini yaratish haqida jiddiyroq oʻylab koʻrishga daʼvat etdi.
Bu mazkur hujjat muqaddimasidagi ushbu misralardan ham anglashiladi: “Inson huquqlarini mensimaslik va uni poymol etish insoniyat vijdoni qiynaladigan vahshiyona ishlar sodir etilishiga olib kelganini, kishilar soʻz erkinligi va eʼtiqod erkinligiga ega boʻladigan hamda qoʻrquv va muhtojlikdan xoli sharoitda yashaydigan dunyoni yaratish insonlarning ezgu intilishidir…“
Aynan mana shunday ezgu intilish mevasi sifatida 1948 yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilindi.
Mazkur Deklaratsiyada insonning toʻlaqonli hayot kechirishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, barcha huquqlari taʼminlanishini nazarda tutuvchi meʼyorlar toʻliq qamrab olingan. 30 moddadan iborat Deklaratsiya mohiyatidagi ezgulik, tenglik, adolat mujassamlashgani uchun ham hozirgi kunda bu xalqaro hujjatga jahondagi 193 davlat qoʻshilgan.
Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishishi bilan qoʻshilgan ilk hujjatlardan biri Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi Deklaratsiyaga hamohang boʻlib, unda insonning hayoti, haq-huquqlari oliy qadriyat, deb belgilangan.
Deklaratsiya qabul qilinganiga hademay 70 yil toʻladi. Bu sana dunyodagi boshqa xalqlar qatori oʻzbek xalqi uchun ham oʻziga xos ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida“gi farmoni qabul qilingani buning yorqin dalilidir.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va qadriyatlariga eʼtiborini kuchaytirishga oid tadbirlar tashkil etilmoqda. Inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa choralar tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, qonunchilikka va davlat organlarining amaliy faoliyatiga inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar koʻrilmoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlanishi bilan bir qatorda uni amalga oshirish boʻyicha Komissiya tashkil etilgan.
Dasturga muvofiq, Oʻzbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan xalqaro tadbirlar ham tashkil etiladi. Joriy yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtadi. Forumda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qitʼasida joylashgan davlatlarning inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanuvchi institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazidan maʼlum qilishlaricha, forumga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Forum davomida ishtirokchilar sessiyalarga boʻlingan holda tegishli mavzular boʻyicha muloqot olib boradi.Ularda deklaratsiyada nazarda tutilgan meʼyorlar, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarning universalligi, oʻzaro bogʻliqligi, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha majburiyatlarni bajarish sohasidagi yutuqlar va muammolar koʻrib chiqiladi. Inson huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda ijro, vakillik va qonunchilik hokimiyati, sud va inson huquqlari milliy institutlarining roli muhokama qilinadi.
Osiyo forumi yakunlari boʻyicha Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Unda davlatlar tomonidan xalqaro hujjatlarga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish borasida samarali tizim yaratishga oid maqsadlar koʻzda tutiladi.
Osiyo forumi doirasida Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar rahbarlari oʻz mamlakatlaridagi inson huquqlariga oid vaziyatni, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻrtasidagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qiladi.
Forum natijalariga koʻra, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning Toshkentdagi qoʻshma bayonotini qabul qilish ham rejalashtirilgan.
Norgul Abduraimova, OʻzA