Isroillik ishbilarmonlar Namanganda

Namangan viloyati hokimi X.Bozorov Isroil davlatining “VP Group Isroil kompaniyalari konsorsiumi”ning vitse-prezidenti Eli Benjaminni qabul qildi.
5.jpg
Muloqotda dastlab isroillik ishbilarmon samimiy va doʻstona qabuldan behad minnatdorligini izhor etdi.
– Biz hozirgacha Ozarbayjon va Qozogʻiston davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik tajribasiga egamiz, – deydi Eli Benjamin. – Mamlakatingizda biznes sohasida ochilayotgan keng imkoniyatlar, qulay sarmoyaviy muhit bizni oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan oʻzaro manfaatdorlik asosidagi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga undadi. Ayniqsa, Oʻzbekiston, xususan, Namanganning tabiiy iqlimi qishloq xoʻjaligida katta-katta innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Maqsadimiz bu yerda zamonaviy issiqxonalar tashkil etib, ilgʻor texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, klaster usulida qayta ishlash va eksportga chiqarishdir. Bu borada qoʻshma korxonalar, sanoat zonalari tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bu maqsad yoʻlida biz ilk qadamni tashladik, yaʼni Toʻraqoʻrgʻon tumanida “Global tehc” hamda Kosonsoy tumanida “Super Gold agribusiness” qoʻshma korxonalari tashkil etildi.
Muloqotda viloyat hokimi mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida klaster usulini joriy qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar, viloyatning bu sohadagi ichki imkoniyat va salohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi hamda ularni roʻyobga chiqarish yoʻlida xorijiy investorlar bilan hamkorlik uchun zarur barcha sharoit mavjudligini bildirdi.
– Fermerlarimiz ixtiyorida 10 minglab gektar meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtiriladigan maydonlar, bogʻ va uzumzorlar mavjud, – deydi X.Bozorov. – Ularni yangilash, intensivlashtirish davr talabi va bu borada jahonning ilgʻor texnologiya va tajribalaridan unumli foydalanish oʻta muhimdir. Chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, goʻshtni qayta ishlash va chuqur qayta ishlashning innovatsion loyihalarini amalga oshirish, sohada klaster va logistika tizimini yaratish oldimizda turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Shu nuqtai nazardan, biz chet ellik hamkorlar safini kengaytirishga tayyormiz.
Uchrashuvda qishloq xoʻjaligida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga doir taklif va mulohazalar muhokama etilib, dastlabki tashkiliy chora-tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.

 

Akromjon Sattorov, OʻzA