Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV: Markaziy saylov komissiyasi faoliyati zamon talabiga muvofiq takomillashadi

Oʻzbekistonda saylov hamda referendumni demokratik asosda, shaffof va mustaqillik prinsiplariga muvofiq oʻtkazish boʻyicha katta tajriba toʻplandi. Bu jarayonda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash boʻyicha zarur chora-tadbirlar qabul qilindi va bu jarayon davom etmoqda. 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 6 noyabrda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori buning tasdigʻidir.
Mazkur qarorni qabul qilishdan koʻzlangan maqsad va vazifalar nimalardan iborat?
Bu haqda OʻzA muxbiriga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Saylov tizimi – nafaqat davlat hokimiyati organlarini demokratik shakllantirish asoslari, balki fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish darajasining muhim koʻrsatkichidir. Shu bilan birga, bugungi kun zamonaviy xalqaro saylov standartlarini joriy etishni, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasining axborot-tahliliy, uslubiy va maslahat ishlarini yanada takomillashtirish, saylov komissiyalari aʼzolarining professional darajasini yanada oshirish zarur. Shu maqsadda mavjud saylov tizimini takomillashtirish, uni yanada demokratlashtirish, shuningdek, saylov komissiyalari va referendumni oʻtkazish boʻyicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasida ham belgilangan.
Shundan kelib chiqib yangi qarorda milliy saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlari belgilandi. Ushbu qaror mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga hamohang ravishda siyosiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarning mantiqiy davomidir. Qarorga asosan, umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlar hamda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini hisobga olgan holda saylov va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, shuningdek, fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlari taʼminlanishi yanada demokratlashtiriladi va liberallashtiriladi.
Saylov komissiyalarining faoliyati samaradorligi oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasining saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-axborot, tahliliy, uslubiy, maslahat funksiyalari kuchaytiriladi.
Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etiladi. Saylovlarni boshqarish tizimi modernizatsiya qilinadi. Saylov jarayonida axborot xavfsizligi taʼminlanadi. Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirish va oʻqitish tizimi joriy etilmoqda. Saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa subyektlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga eʼtibor kuchaytiriladi.
Endilikda Markaziy saylov komissiyasi tarkibida saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha Oʻquv markazi tuziladi. Markaz saylov komissiyasi aʼzolarini tizimli oʻqitadi va malakasini oshiradi. Ularning saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha professional koʻnikmalari oshiriladi.
Markaz saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish amaliyoti, shuningdek, saylov qonunchiligiga umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarga asosan milliy saylov qonunchiligiga muvofiqligini muntazam monitoring qilib boradi.
Shuningdek, saylov tizimining muammolari chuqur oʻrganiladi. Markaz ushbu sohadagi dolzarb muammolar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazadi va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi. Saylov jarayonini tashkil etish boʻyicha ilmiy-amaliy qoʻllanmalar tayyorlab, chop etadi. Saylovchilarning saylovda ovoz berish tartibi, saylov kampaniyasi jarayonlari bilan tanishtirish boʻyicha zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlaydi.
Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, saylov komissiyalari va refendumni oʻtkazish boʻyicha komissiyalar faoliyatida jamoatchilik ishtiroki keng taʼminlanadi.
Saylov komissiyalari faoliyatining moddiy-texnik taʼminotini yanada yaxshilash, saylov komissiyalari aʼzolari va xodimlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun ijtimoiy va moddiy ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Saylov qonunchiligining meʼyorlari unifikatsiyalanadi va takomillashtiriladi.
Aytib oʻtish kerakki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda demokratik tamoyillarga hamda xalqaro standartlarga javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Kodeks loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi va xalqaro ekspertlar eʼtiboriga havola etildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda saylov jarayoniga “bitta saylovchi – bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni taʼminlaydigan saylovchilarning Yagona elektron roʻyxatini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Qaror bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi 7 nafar aʼzosi, shu jumladan, rais, rais oʻrinbosari va kotibi ishini tashkil etish, shuningdek, 26 nafar masʼul xodimdan iborat boʻlgan Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati shtat birligi belgilandi.
Qarorda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va kotibiyat xodimlarining moddiy taʼminotini yaxshilash, ularga unvon-martaba darajasi berish kabi imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari daxlsizlik maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolarining maqomiga tenglashtirildi.
Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasiga majlislar oʻtkazish, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchi va rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish, shuningdek seminar-treninglar oʻtkazish uchun yetarli xonalaridan iborat alohida bino ajratiladi.
Bunday yangi imkoniyatlar saylov tizimining tubdan takomillashib, samarali ishlashiga, eng muhimi, zamon talabiga mos, demokratik tamoyillarga muvofiq ish olib borishiga zamin yaratadi.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA