Valiyevlar sulolasi adrasning qishki turini yaratdi

Oʻzbekiston adrasning vatani. Margʻilon qadimiy matoning turfa xil va koʻrinishlarini yaratib kelayotgan hunarmandlarga boy makon. Shu zaminning farzandi, qoʻli gul hunarmand Nurmuhammad Valiyevning adraschilik sohasida qilayotgan yangiliklari bizning eʼtiborimizni tortdi.
photo5411391337212783222.jpg
Qariyb 30 yillik umrini adrasning nodir va asl namunalarini yaratishga bagʻishlagan N. Valiyev, aslida, adraschilik ortidan bu darajagacha erishishni, u tufayli dunyo kezishni tasavvur ham qilmagan edi. Chunki ota-bobolari mehnati ortidan faqat roʻzgʻor tebratardi. N. Valiyev hunari orqasidan koʻplab xalqaro tanlovlarda qatnashdi, nafis adrasni dunyo xalqlariga tanishtirdi. Bugun Yevropaning turli mamlakatlari ham bizning milliy matomizni bilishadi. N. Valiyev Rossiya, Italiya va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida boʻldi. U yerdagi hunarmandlardan mashaqqatli mehnat sirlarini oʻrtoqlashib, ulardan ham koʻplab yangiliklar oldi. Oʻz salohiyatini yanada oshirdi. Natijada, sulolasi davom ettirib kelayotgan adras toʻqish usulini texnologiya darajasiga koʻtardi. Besh avloddan oshib kelayotgan hunar tarixiga nazar solsak, ushbu sulola oʻnlab yoʻqolib ketish arafasida boʻlgan adras turlarini yanada takomillashtirib ularni yangi koʻrinishlarini yaratgan. Bugun Valiyevlar xonadonidan changi, peshtoq, alvon, chimildiq, tovus kabi qadimiy matolarning yangi koʻrinishlarini uchratishingiz mumkin.
– Adras ipak tolalaridan toʻqilsa-da undan qish faslida oddiy liboslar uchun foydalanib boʻlmas edi. Koʻplab dizaynlar esa yupqa adrasdan tikilgan chopon va nimchalarni mato tanlash etikasiga toʻgʻri kelmasligini taʼkidlashardi, – deydi N. Valiyev. – Biz bugun adrasning qishda ham bemalol libos tikib kiyib yuradigan turini yaratdik. Endi ulardan ayollar liboslari uchun bemalol foydalanish mumkin. Hatto qoʻl ostimizdagi tikuvchi qizlarimiz qalin adrasdan palto va zamonaviy kurtkalar tikmoqda.
Qishda rang-barang paltoni kiyib boʻlmaydi. Ayni vaqtda buni ham inobatga olib Valiyevlar sulolasi bir xil rangli, ikki yon tarafdan tovlanib turuvchi mato ustida izlanishlar olib bormoqda. Shunday ekan yaqin orada bozorlarimizda adrasdan tikilgan qishki kiyimlar ommalashib ketsa hech qanday ajablanmasdan xarid qilavering. Chunki hammasi sinalgan, mato havo oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega boʻlgani uchun inson salomatligiga juda foydali hisoblanadi.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA