Sovuqqina qorongʻi xona, 2-3 ta eski kompyuter, bir chetda taxi buzilmagan gazetalar, stol ustida choynak va choydan sargʻaygan piyola…
Viloyatlarning tuman gazetalaridagi aksariyat tahririyatlarning ahvoli shunday. Shu xonalarda sovuqdan paltosiga oʻralib oʻtirgan jurnalistlar monitorga termilib tumandagi ijtimoiy ahvolni yoritsinmi yoki obuna masalasini oʻylasinmi? Muammoni olib chiqsa, arang “yashab“ turgan tahririyatiga hokimlik obuna boʻyicha yordam bermaydi. Hokimlik manfaati bilan cheklansa, auditoriyasini yoʻqotadi. Obunadan tashqari hududiy nashrlarda shaxsiy nashriyot yoʻq, qogʻoz muammo, yosh kadrlar yetishmaydi, oddiygina ish quroli boʻlgan kompyuter kam, fotoapparatlar ham almisoqdan qolgan… Shunday tahririyatlar yoʻq deysizmi?
Viloyatlarning tuman gazetalari yildan-yilga oʻquvchilarini yoʻqotib bormoqda, moliyaviy ahvoli esa yaxshi emas. Obuna masalasi doimgidek muammo. Odamlar gazetalardan uzoqlashmoqda, gazetalar esa odamlarning asl muammolaridan yiroqlashib ketgan. Jurnalistlar, gazetalar ahvolini yaxshilash uchun qaratilgan anjumanlarda asosan ularning xatolari, kamchiliklari eslanmoqda va tahririyatlarning haqiqiy ahvolidan uzoq boʻlgan tavsiyalar berilmoqda. Bugun Toshkentdagi “City Palace” mehmonxonasida ana shunday anjumanlarning navbatdagisi oʻtkazildi.
MUAMMOLAR VA XATOLAR SANALDI, YECHIMLAR ESA …
Oʻzbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda “Nashrlarning bugungi holati: menejment va marketing yoʻnalishlaridagi muammolar va ularni yaxshilash boʻyicha takliflar” mavzusidagi seminar-trening oʻtkazdi. Unda bir qancha mutaxassislar barcha viloyatlardan tashrif buyurgan bosma ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar-treningda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi direktori Laziz Tangriyev soʻzga chiqdi. U bugungi tuman gazetalaridagi ahvol haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, viloyat, tuman gazetalarida real ijtimoiy hayot aks etmayapti. Misol uchun, Ohangarondagi ariqqa tushgan olti nafar fermerlar haqida bironta gazeta ham yozmagan. Bu haqda deyarli barcha elektron nashrlar jar soldi. Gazetalar ulardan olib, bosishi ham mumkin edi, deydi u. Undan tashqari, Laziz Tangriyevning qayd etishicha, majburiy mehnat muammosi ham bironta gazetada koʻtarilmayapti. Gazetalarning moddiy ahvoli ogʻir, 15 yildan buyon maosh olmay ishlab yurganlar ham bor. Koʻpgina gazetalarda 30 yil avvalgi eskicha ishlash tizimi hukm surmoqda. Ularning tashqi dizaynida ham oʻzgarishlar sezilmaydi. Vazirlar mahkamasining qarorlari bilan toʻldiriladigan nashrlar ham talaygina. Koʻpgina gazetalar hukumatning qaror va farmonlarini farqiga bormaydi. Birgina tuman nomi bir maqolada olti xil koʻrinishda yozilganini guvohi boʻldim, deydi u.
Laziz Tangriyevning tanqidlarini Oʻzbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi rahbari Said Abdulaziz Yusupov davom ettirdi. Uning aytishicha, nashrlarda imloviy xatolar haddan tashqari koʻp uchramoqda. Xatolar tufayli ishi sudga oshirilgan jurnallar ham boʻlgan.
QISHLOQ TAHRIRIYATLARIDA GʻARB TAJRIBASI
Said Abdulaziz Yusupov tanqidlar bilan birga nashrlarning moddiy ahvolini yaxshilash uchun tavsiyalar ham berdi. U tahririyatlar uchun kredit mablagʻini ajratuvchi mediabank tashkil etishni taklif qildi. Kreditni olish oʻzi bir muammo, uni uzish esa…tushuntirishga qalam ojizlik qiladi. Stol atrofida yigʻilib gʻarb tajribalari haqida gapirish naqadar oson. Chet-el tajribasi haqida gapirayotgan boʻyinbogʻ taqqan mutasaddilar asli real vaziyat bilan tanishmikan? Jamoasi 6-10 kishidan iborat boʻlgan baʼzi tahririyatlar marketing hamda kreditni yopish masalasi bilan shugʻullanadimi yoki ijtimoiy hayotdagi muammolarni koʻtarib chiqadimi? Oʻzi boshdan oyoq muammoning oʻzi boʻlgan tuman nashrlari boʻyniga yana kredit muammosi ogʻir boʻlmasmikan? Yana ulardan biz xalq dardini olib chiqishni kutamiz. Tahririyatlar qarzini uzaman deb bor 4 dona kompyuter va eski mebellaridan ham ajralib qolmaydimi?
Jahon tillari Universiteti, xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti Nazira Tashpoʻlatovaning fikricha, mediabank tizimi tahririyatlarga oʻzini oʻnglab olishga yordam beradi.
Muassisdan alohida oʻzi kredit olib ish yuritgan nashrlar dolzarb muammolarni olib chiqib, auditoriyasini kengaytirib qarzlarini yopishi mumkin. Biroq tuman gazetalari vakillarining aytishicha, bu tajribani qoʻllash mushkul. Chunki aksariyat nashrlarda marketing boʻlimining oʻzi mavjud emas. Obuna ham, tahririyat ishi ham birgina jurnalist zimmasida. Ijtimoiy hayotni internet nashrlari kabi faol yoritishda texnik imkoniyatlar ham yetishmaydi. Shu oʻrinda nashrlarning elektron varianti yoʻqligini tanqid ostiga olish ham oʻrinsiz. Tuman gazetalarida oddiygina maqolani chop etish uchun qogʻoz muammo boʻlib turganda, biz ulardan yana nimalarni talab qilayapmiz?
“HUR DIYOR, BЕPOYON DALA…”
Hududiy nashrlar hamon qorongʻi xonalarda oʻtirib, “farovon hayot”, “hur diyor” va “bepoyon dala” haqida yozishdan charchamayaptilar. Bu haqida Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiya universiteti dotsenti Beruniy Alimov oʻz tahlillarini keltirdi. Ekspert yil davomida respublikamizning bir qancha viloyatlarida boʻlib, u yerdagi nashrlarda koʻzga tashlanayotgan kamchiliklarni oʻrgangan. Gazetalar tang ahvoli haqida yozar ekanmiz, ularda nafaqat sharoit balki, yozish uslublari ham oʻtgan davrni eslatishini aytib oʻtish joiz.
Ekspert Beruniy Alimov hududiy nashrlar va qisman respublika gazetalarida ham koʻzga tashlanayotgan kamchiliklarni sanab oʻtdi.
Uning fikricha, bugungi maqolalarda ortiqcha gaplar, emotsional boʻyoqlar koʻp. Jurnalistlar maqolada mutaxassis fikrini emas, koʻproq oʻz pozitsiyasini ilgari suradi. Dolzarb boʻlmagan mavzularda katta publitsistik maqolalar beriladi, internet saytlaridan materiallar toʻliq koʻchirilib bosiladi, tadbirlarning press-relizlari toʻligʻicha eʼlon qilinadi. “Odamlarga tadbirlar emas, yangiliklar kerak”, deydi mutaxassis. Umuman olganda, kamchiliklar koʻp, yangilanishlar esa oz.
XULOSA…
Xulosa qilib aytganda, anjumanda mutaxassislar mavjud kamchiliklarni sanab oʻtdi, mutasaddilar tanqidlarni ayamadi. Avvalgi anjumanlarda aytilgani kabi yana xorij tajribalari gapirildi, gazetalarga yangicha ishlash prinsiplari oʻrgatildi. Biroq, xorijdagi sharoitga ega boʻlmagan tahririyatlarga ularning yoʻlini oʻrgatishdan naf bormikan? Bu xuddi raketani koʻrmagan odamga uni boshqarishni oʻrgatishga oʻxshaydi. Uzoqdan kelgan hamkasblarimiz biroz yangilik va tajriba olgan holda yana oʻz qorongʻi xonalariga, oʻz muammolariga qaytib ketdilar.
Anora Sodiqova, OʻzA