Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF), O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirda dunyoning 30 ga yaqin davlatidan 180 dan ortiq sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurashmoqda.
“O‘zbekiston” sport majmuasida 6-oktabr kuni nufuzli musobaqaning ochilish marosimi bo‘ldi.
Bayramona bezatilgan sport majmuasi mehmonlar, sportchi va murabbiylar, muxlislar bilan gavjum. Maydonga xalqaro turnir ishtirokchi mamlakatlar terma jamoalari kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
Musobaqaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom etib tarbiyalash, sportni rivojlantirish, bu jarayonda Olimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish, jahon maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir iste’dodli sportchilarni tayyorlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid, 3-iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 10-avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilinishi soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– O‘zbekistonda har qanday yirik sport anjumani yuksak saviyada o‘tkazilishi xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etiladi, – deydi Xalqaro dzyudo federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Ta’lim va murabbiylik bo‘yicha direktori Muhammad Meridja. – Mana bir necha yildirki, poytaxtingiz dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi nufuzli turnirga mezbonlik qiladi. Bu mamlakatingizning ulkan sport salohiyatiga ega ekanidan, sport taraqqiyoti uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishidan dalolatdir.
Bu yilgi turnirda Vatanimiz sharafini tajribali polvonlar bilan birga, yosh, iqtidorli dzyudochilar ham himoya qilmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida Sharofiddin Lutfullayev va Sardor Nurillayev o‘z vazn toifasida bronza medalni qo‘lga kiritdi.