Davolab boʻlmaydi, oldini olgan yaxshi

Kunlar sovishi bilan ommaviy axborot vositalarida is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq koʻngilsiz holatlar tafsiloti koʻpayib qoldi. Albatta, bu avvalo eʼtiborsizligimiz, shuningdek, nosoz gaz uskunalaridan foydalanish va mavsum oldi ishlarining yetarli darajada tashkil etilmaganidan dalolatdir.
Bu kabi koʻngilsiz holatlarning oldini olishda korxona va tashkilotlar, mahallalarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Xoʻsh, bu borada Toshkent viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, yongʻin xavfsizligi, gaz va elektr tarmoqlari korxonalari masʼullari hamda mahalla faollaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan yongʻin, is gazidan zaharlanish va boshqa favqulodda hodisalarning oldini olish borasida kompleks tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, uyma-uy yurish orqali aholiga favqulodda holatlar, ularni keltirib chiqaruvchi omillar va ularning oldini olish, jumladan, nosoz elektr va gaz uskunalaridan foydalanmaslik, yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik kabi noxush vaziyatlarni yuzaga keltiruvchi holatlarning oldini olish xususida tushunchalar berilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan ayni paytga qadar qariyb 4 ming 700 ta uy oʻrganilib, 130 ta isitish pechining turli nosozliklari joyida bartaraf etilgan. Shuningdek, 51 ta holatda yaroqsiz gaz shlangidan va 5 ta holatda gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlanib, tegishli tartibda chora koʻrilgan.
Profilaktik tadbirlar mobaynida 73 ta koʻp qavatli uyning 1 ming 800 ga yaqin xonadonlari ham yongʻin va is gazidan zaharlanish holati boʻyicha tekshirilgan. Oʻrganishlar natijasida 82 ta holatda isitish pechlarining, 15 ta holatda isitish pechlari xavfsizlik avtomatikasining nosozligi, yana 15 holatda yaroqsiz shlanglardan foydalanish holatlari aniqlanib, bartaraf etilgan.
Xalqimiz “Kasalni davolagandan koʻra, oldini olgan yaxshi”, deydi. Gap xonadonimizda yuz berishi mumkin boʻlgan favqulodda holatlar, xususan is gazidan zaharlanish haqida borar ekan, bunday “kasal“ni davolash deyarlik imkonsiz ekanini qayd etish lozim. Shunday ekan, imkoni borida oldini olish zarur.

 

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA